“Propiska”ga qo‘yish bo‘yicha yangi qonun qabul qilinmadi
Bu qonun loyihasi, amaldagi qonun tufayli fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatlarda ro‘yxatdan o‘tkazishda yuzaga keladigan byurokratik qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun taklif qilinmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va turar joyi bo‘yicha xabardor qilishi tartibi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Fuqarolarga qiyinchilik tug‘dirgan qonun bekor qilinadi
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, yangi qonun loyihasi bilan "Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida"gi mavjud qonunni bekor qilish taklif qilingan. Chunki bu qonun sababli fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida ro‘yxatdan o‘tkazishda byurokratik qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda..
Buning o‘rniga, butun respublika bo‘ylab yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning yagona tartibi joriy etiladi. Shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari soddalashtirilishi va xabardor qilish tizimini tatbiq etish masalalari ko’rib chiqilmoqda.
Yagona ro‘yxatga olish tartibi
Respublika bo‘yicha fuqarolarning yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishining yagona tartibini joriy etish, shuningdek, vaqtincha turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish tartibini takomillashtirgan holda turar joy bo‘yicha xabardor qilish tizimini joriy etish taklif etilmoqda. Taklifga ko’ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyati uchun alohida, boshqa viloyatlar uchun esa alohida ro‘yxatga olish tartibi bo‘lmaydi, bunday amaliyotdan voz kechiladi, respublika bo‘yicha bir xil tartib amal qiladi.
Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
Yig‘ilishda, shuningdek, aholining ayrim ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasida belgilangan pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni yengillashtirish taklif etildi. Endilikda, 18 yoshgacha bo‘lganlar, 60 yoshdan oshganlar, to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar, jazoni ijro etish muassasasidan chiqqanlar, va favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlar pasport qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
Bu qonun loyihasi ham ma’qullandi
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimiz fuqarolari va mehmonlarini ro‘yxatga olish tartibini yagona yondashuv asosida isloh qilishga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquqlari himoyasini ta’minlashga, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi choralarini maqbullashtirishga xizmat qiladi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Endilikda har ikki qonun loyihasi amaldagi taribga ko‘ra Senatga yuboriladi. Senat tasdig‘idan keyin davlat rahbari tomonidan imzolangach kuchga kiradi.



