$
 12829.07
-15.14
 13344.80
-163.46
 124.91
-2.44
weather
+26
Кечаси   +14°

Istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirish taqiqlanishi kutilmoqda

istirohat bog

Prezident Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisidagi nutqida saylov kampaniyasi davrida partiyalar ilgari surgan va xalqimiz qo‘llab-quvvatlagan har bir taklif, albatta, ko‘rib chiqilishi va amalga oshirilishini qayd etgan edi. Jumladan, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash bo‘yicha pozitsiyasi ko‘pchilikning ko‘nglidagi gap bo‘lgani aytilgandi. Ko‘p vaqt o‘tmay, “Adolat” SDP va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasi kuchaytirilishiga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.

So‘nggi yillardagi holat

Ayni paytda mazkur qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalarida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Deputatlarning bu boradagi o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof muhit ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan edi.

Xususiylashtirish natijasida bogʻ hududlari ham qisqarmoqda

Istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib borayotgani natijada esa yangidan qayta-qayta kadastr hujjatini tuzish orqali bog‘lar hududi qisqarib ketayotgani ham taassuflanarli.

Qolaversa, bugungi kunda madaniy hordiq maskanlari va ular hududlarining huquqiy himoyasi yetarli darajada mustahkamlanmagan. Hordiq maskanlari va ular joylashgan yerlarni xususiylashtirish, bunday obyektlar hududida bino-inshoot qurilishini taqiqlovchi qat’iy normalar mavjud emas edi.

Jinoiy javobgarlik belgilanmoqda

Shu nuqtai nazardan, deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi ob’yektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni ta’qiqlash nazarda tutilmoqda.

Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

“Botanika bog‘lari”ga oid

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan “botanika bog‘lari” muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilyapti. “Botanika bog‘lari” va ularning yerlarini ham begonalashtirish, ularning hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish ta’qiqlanmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasi madaniy hordiq maskanlari va boshqa yashil zonalarni muhofaza qilishning mustahkam huquqiy asosini yaratish barobarida madaniy hordiq maskanlari va ularning hududlarini saqlab qolish, ekologiya va atrof muhitni yaxshilanishiga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.