$
 11802.19
-7.63
 13527.67
-41.81
 139.87
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Litvaga ishlash uchun ketmoqchi bo‘lganlarga cheklov: Markaziy Osiyodan arizalar qabul qilish to‘xtatildi

litva

Litva so‘nggi yillarda Markaziy Osiyodan ishlash uchun borayotganlar orasida ommalashgan davlatlardan biriga aylandi. O‘zbekiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan minglab odamlar u yerga asosan haydovchilik, qurilish va boshqa sohalarda ishlash uchun ketmoqda. Endi esa Litva bu oqimni cheklashga kirishdi. Mamlakat Markaziy Osiyoda ishga joylashish va mamlakatga kirish uchun hujjat topshiriladigan tashqi xizmat ko‘rsatish markazlarida yangi arizalarni qabul qilish vaqtincha to‘xtatdi.

Yillik kvota ham to‘ldi

Litva Migratsiya departamenti direktori Indre Gaspere 22-sentyabr kuni Markaziy Osiyodagi ayrim tashqi xizmat ko‘rsatish markazlari yangi arizalarni vaqtincha qabul qilmayotganini ma’lum qildi. Aynan shu markazlar orqali xorijliklar Litvaga ishlash va mamlakatga kirish uchun kerakli hujjatlarni topshirib kelgan.

Rasmiylarning tushuntirishicha, oxirgi yillarda Markaziy Osiyodan Litvaga ishlash uchun borayotganlar keskin ko‘paygan. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ishga joylashish bo‘yicha juda ko‘p murojaat kelib tushgan. Natijada yangi arizalarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatishga qaror qilingan. Migratsiya departamenti bu cheklov aynan qaysi davlatlardagi markazlarga tegishli ekanini hozircha ochiqlamagan.

Vaziyatni Litvada xorijlik ishchilar uchun belgilangan yillik kvota ham murakkablashtirmoqda. 2026-yil sentyabr boshida Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlardan keladigan ishchilar uchun ajratilgan 24 706 kishilik kvota to‘lib bo‘lgan. Bu limit tugagach, ishlash asosida vaqtinchalik yashash ruxsatnomasini olish imkoniyati ham cheklanadi. Endi bunday ruxsat faqat qonunda ko‘rsatilgan ayrim holatlarda, jumladan, ish haqi bo‘yicha belgilangan talablar bajarilganda berilishi mumkin.

Litvada yashash ruxsatnomasiga ega o‘zbekistonliklar qariyb 13 ming nafar

Markaziy Osiyodan Litvaga ishlash uchun borayotganlar soni qanchalik oshganini mamlakatdagi xorijliklar haqidagi raqamlardan ham ko‘rish mumkin. Litva Migratsiya departamenti ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 1-sentyabr holatida mamlakatda qariyb 227 ming xorijlik amaldagi yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan.

Ular orasida eng katta guruhni ukrainaliklar tashkil qiladi — qariyb 80 ming kishi. Keyingi o‘rinda 48 mingga yaqin Belarus fuqarosi bor. Rossiya va O‘zbekiston fuqarolari soni esa qariyb 13 ming nafardan. Bundan tashqari, Litvada 9 mingdan ortiq Hindiston hamda 7 mingdan ziyod Tojikiston fuqarosi yashash ruxsatnomasi bilan istiqomat qilmoqda.

Dushanbedagi markaz avvalroq yopilgan

Litva Markaziy Osiyodan kelayotgan migrantlarga nisbatan cheklovni birinchi marta joriy qilayotgani yo‘q. 2025-yil 22-oktyabrdan Tojikiston poytaxti Dushanbedagi tashqi xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati ham to‘xtatilgan edi. O‘shanda Migratsiya departamenti qarorni Litvadagi ish beruvchilarning ehtiyojlari qayta ko‘rib chiqilgani va vakolatli davlat organlarining xulosalari bilan izohlagan.

Dushanbedagi markaz ikki yil ishlagan va shu vaqt ichida qariyb 6,5 ming kishi Litvada vaqtincha yashash uchun hujjat rasmiylashtirgan. Ularning asosiy qismini haydovchilar va quruvchilar tashkil etgan.

Litva rasmiylari bu guruh vakillarining ayrimlari mahalliy qonunlarni buzgani, viza muddatidan ortiq qolib ketgani yoki mamlakatga noqonuniy kirishga uringani bilan bog‘liq holatlarni ham qayd etgan.

Теги :
Jamiyat