$
 11778.45
5.5
€
 13198.93
-25.62
₽
 138.35
-2.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Latviya o‘zbekistonliklarga viza berishni cheklamoqchi bo‘ldi: O‘zbekiston TIV muzokaralarga kirishdi

latviya

O‘zbekiston TIV Latviya IIVning O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni vaqtincha cheklash taklifiga munosabat bildirdi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi bu masala yuzasidan Latviya rasmiylari bilan qator muzokaralar o‘tkazgan. TIV xorijdagi vatandoshlarni mahalliy qonunlarga rioya qilishga va o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.

Latviya nega vizalarni cheklamoqchi bo‘ldi?

Latviya ichki ishlar vaziri Yanis Dombrava O‘zbekiston fuqarolariga viza berishni ma’lum muddatga to‘xtatib turish masalasini 29-sentyabr kuni hukumat yig‘ilishida ko‘rib chiqishni taklif qilgan. Vazir bunga Latviyaga kelgan ayrim O‘zbekiston fuqarolari ko‘p o‘tmay jinoyat sodir etgani, ular orasida voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar ham borligini sabab qilib ko‘rsatgan. Uning fikricha, vaqtinchalik cheklov davrida O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilib, Latviyada jamoat tartibi va xavfsizligiga tahdid tug‘dirishi mumkin bo‘lgan shaxslarning mamlakatga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ishlab chiqish mumkin.

“Milliy birlik” partiyasining koalitsiyadagi hamkorlari ushbu masalani kun tartibiga kiritishga tayyor bo‘lmagan. Latviya Ichki ishlar vazirligi esa taklif keyingi yig‘ilishlardan birida muhokama qilinishini kutgan.

Avvalroq vazirlik barcha o‘zbekistonliklar uchun emas, faqat ayrim toifadagi fuqarolardan viza arizalarini qabul qilishni taklif qilgan edi. Istisnolar qatoriga Latviya fuqarolarining oila a’zolari, mamlakatda yashash huquqiga ega o‘zbekistonliklarning yaqinlari, Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi yoki Shveysariya fuqarolarining oila a’zolari, gumanitar sabab bilan kelayotganlar, shuningdek, yuk va yo‘lovchi tashish kompaniyalari xodimlari kiritilgan.

O‘zbekiston TIV Latviya rasmiylari bilan muzokara o‘tkazdi

O‘zbekiston TIV matbuot kotibi Omonulla Fayziyevning aytishicha, viza cheklovi haqidagi xabarlar paydo bo‘lishi bilan vazirlik diplomatik muzokaralarni boshlagan.

O‘zbekistonning Rigadagi elchixonasi Latviya bosh vaziri ofisi rahbariyati, Tashqi ishlar va Iqtisodiyot vazirliklari hamda Prezident administratsiyasi vakillari bilan uchrashgan. TIVning Konsullik-huquqiy departamenti ham Latviyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan muzokaralar olib borgan.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston tomoni viza cheklovlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi pozitsiyasini bildirgan. Fayziyevga ko‘ra, diplomatik muloqotlardan so‘ng Latviya tomoni amaldagi vaziyatga o‘zgartirish kiritishga ehtiyoj yo‘qligi haqidagi pozitsiyani ilgari surgan.

TIV vakili O‘zbekiston Latviya bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni qadrlashini, Latviya mamlakatning Yevropa Ittifoqidagi muhim hamkorlaridan biri ekanini ham ta’kidlagan. Ikki davlat o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va migratsiya sohalarida hamkorlik davom etmoqda.

Shu bilan birga, TIV xorijda yurgan yoki chet elga chiqishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni borayotgan mamlakat qonunlariga rioya qilish, mahalliy urf-odat va an’analarni hurmat qilish hamda o‘z xatti-harakatlariga mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi. Vazirlikka ko‘ra, ayrim fuqarolarning huquqbuzarligi xorijda qonuniy ravishda o‘qiyotgan, ishlayotgan, sayohat qilayotgan yoki yashayotgan boshqa o‘zbekistonliklarga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Ikki o‘zbekistonlik Latviyadan chiqarib yuboriladi

Viza masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda Latviyada ikki O‘zbekiston fuqarosining vaqtincha yashash ruxsatnomasi ham bekor qilindi. Latviya ichki ishlar vaziri bu haqda 1-oktyabr kuni ma’lum qilgan.

Ular Karnikavada oqqushni qiynash bilan bog‘liq ish bo‘yicha javobgarlikka tortilgan. Sentyabr oyida Riga sudi ikki erkakni voyaga yetmaganlar ko‘z o‘ngida oqqushni qiynaganlikda aybdor deb topib, qariyb to‘rt yil probatsiya nazoratiga hukm qilgan. Ularga to‘rt yil davomida har qanday hayvonni saqlash ham taqiqlangan. Ayblanuvchilar jazo masalasida prokuror bilan kelishuvga erishgan.

Ikki fuqaroga Latviyani tark etish uchun yetti kun berilgan. Agar ular belgilangan muddatda mamlakatdan o‘z ixtiyori bilan chiqib ketmasa, majburiy deportatsiya qilinadi.

Теги :
Jamiyat