$
 12848.38
27.91
 13512.64
42.17
 120.07
-2.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Kvartira hali ham yaxshi sarmoyami?

Uy-joy

Kvartira va uylarni sotib olish va sotish O‘zbekistondagi eng qiziq mavzulardan biri hisoblanadi. Bunga sabab, ko‘pchilik uchun kvartira va uylar nafaqat yashash joyi, balki moliyaviy sarmoya sifatida ham ahamiyatga ega. Toshkentda ko‘plab kvartiralar bo‘sh turganligi kuzatiladi, chunki ularning egalari yo keyinchalik yuqori narxlarda sotish uchun, yo pulni saqlab qolish maqsadida sotib olgan bo‘ladi. Joriy yilda uy-joy narxlari bilan nima bo‘lgani va kelajakda nima kutsa bo‘ladi, haqida tahlilchi Timurmalik Elmuradov gapirib berdi.

Uy-joy narxlari mo‘tadil sur’atlarga qaytdi

Ekspertning fikricha, bu yil uy-joy narxlari keskin o‘sishdan to‘xtab, mo‘tadil sur’atlarga qaytdi. Markaziy bankning ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar-sentabr oylari oralig‘ida yangi uylar narxi 7,9 foizga, eski uylar narxi esa 5 foizga qimmatlashgan (dollarda esa ushbu ko‘rsatkichlar atigi 1,9 foiz va 4,7 foizni tashkil qiladi). Solishtirish uchun, 2023-yilning shu oylari davomida narxlar o‘sishi 21,5 foiz va 22,8 foizni tashkil etgan.

Savdo bitimlari 20 mingga kamaygan

Ko‘chmas mulk bozori umuman olganda stagnatsiya holatiga tushgan, ya’ni o‘tgan yilga nisbatan savdo bitimlari soni qariyb 20 mingga kamaygan. Bu xaridorlar va sotuvchilarning faoliyati pasayganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, u ipoteka hajmi kamayganini ta’kidladi — kreditlar umumiy summasi 4 foizga, oluvchilar soni esa 20 foizga qisqargan. Bu o‘z navbatida uy-joy narxlarining korreksiyasiga olib kelmoqda.

2-3 yilda uy joy narxi 40 foizga o‘sgan

So‘nggi 2–3 yil davomida O‘zbekistonda uy-joy narxlari juda tez o‘sib, 40 foiz gacha ko‘tarilgan. Bunga ko‘plab sabablar bor: kechiktirilgan talab, ijaraga bo‘lgan yuqori talab bilan relokantlar oqimi, Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng moliyaviy resurslar oqimi, ipoteka kreditlashtiruvi rivoji va boshqa omillar. Buning natijasida bozor “qizib ketgan” va ko‘chmas mulk narxlari keskin oshirilgan (overvaluation). Hozir esa talab to‘yinib, bozor sovuq holatga o‘tmoqda va o‘zini o‘nglamoqda.

Kvartira hali ham yaxshi sarmoya hisoblanadimi?

Ekspertning fikricha, bu yil uy-joy narxlarining o‘sishi hatto inflyatsiyani ham qoplamadi, ya’ni har qanday depozit ko‘proq daromad keltirgan bo‘lardi. Shunga qaramay, uzoq muddatli istiqbolda kvartiralar yaxshi sarmoya bo‘lib qoladi, chunki O‘zbekistonda uy-joyga bo‘lgan ehtiyoj yuqori darajada seziladi.

Shu sababli, ko‘chmas mulk narxlari uzoq vaqt davomida yuqori bo‘lib qolishi kutilmoqda. Biroq, 2022–2023-yillardagi kabi “narxlar bum”ini endi kutish qiyin.

Теги :
Jamiyat