Shanba, 24-oktabr, 2026
Havo 75 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +11° kechasi +6°

Ofarinbozlik: Kudbiyev chek so‘rashi orqasidan kaltaklangan bolaga minnatdorchilik bildirdi

Sirdaryoda bo‘lib o‘tgan xarid cheki bilan bog‘liq mojaro butun respublikaga keng tarqaldi. Bugun esa Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev 12 yashar bolani butun Soliq qo‘mitasi xodimlari bilan tik oyoqda olqishladi. Bu chindan minnatdorchilikmi, yo populizm?

3 daqiqa o‘qiladi

Ofarinbozlik: Kudbiyev chek so‘rashi orqasidan kaltaklangan bolaga minnatdorchilik bildirdi

Avvalroq, xarid cheki so‘rab, sotuvchining qo‘pol munosabatiga duch kelgan 12 yoshli bolakay haqida xabar bergan edik. Hodisa toʻgʻrisida bolaning onasi Bolalar ombudsmaniga ma’lum qilgan.

Bugun Soliq qo'mitasi raisi Sherzod Kudbiyev Shahboz ismli bola bilan shaxsan uchrashib, unga minnatdorlik izhor etdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.

 Shahbozning oldida butun soliq markaziy apparati tik tursa ham arziydi

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova Facebook’dagi sahifasida sirdaryolik Shahboz Soliq qo‘mitasiga taklif qilingani va qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev unga minnatdorchilik bildirgani aks etgan videoni ulashdi.

“Bitta harakatingiz ortidan butun ijtimoiy tarmoq yondi. Bu bitta Sirdaryoda emas, butun O‘zbekistonda. Biz buni hali ko‘p yoyamiz. Eng katta narsa, Shahboz, mana hamma tikka turibdi, odatda kirgandan keyin o‘tiringlar derdim, lekin Shahbozning oldida butun soliq markaziy apparati tik tursa ham arziydi. Ming martalab sizga, ota-onangizga rahmat”, - dedi Kudbiyev.

Chek talab qilish mayda-chuyda ish deb qaralmasligi kerak

U ko‘pchilik chek talab qilishni mayda-chuyda narsa deb baholashini, ammo bu to‘g‘ri narsa emasligini ta’kidlagan.

“Bitta chekni so‘raganing ortidan Sirdaryodagi bog‘cha, maktab, yo‘llar, budjet bor, katta bo‘lganingda tushunasan, buning ortida ko‘p narsa turadi. Shuning uchun senga minnatdorchilik bildiraman”, - degan Soliq qo‘mitasi raisi.

Sotuvchi qilmishiga yarasha jazolanadigan boʻldi

Sotuvchi bolani urgani holati yuzasidan Bolalar ombudsmani so‘rovi asosida ichki ishlar organlari tomonidan bolaga nisbatan sodir etilgan qonunga zid harakat o‘rganilayotgani va bu borada qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilingandi.

Bolalar ombudsmanining qo‘shimcha xabar qilishicha, olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida Guliston shahridagi savdo do‘koni sotuvchisi Z.A. (erkak kishi)ga nisbatan MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) bilan ma’muriy javobgarlikka oid (BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha) ish qo‘zg‘atilib, ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudiga yuborilgan.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor

Bu holat O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning soliq masalalariga bo‘lgan e’tiboridan dalolat. Toʻgʻri, ushbu hodisa xalq orasida soliqlarning to‘g‘ri yig‘ilishining ahamiyatini oshirishga xizmat qilishi mumkin. Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham yoʻq emas. Davlat soliq qo‘mitasi raisining shaxsan oʻzi soliq tizimida yechilishini kutib yotgan shuncha muammolar turganida, bunday kichik voqeaga urgʻu berishi populizmning bir namunasi emasmi? Haqiqatan ham, oddiy iste’molchi huquqini talab qilgan bolaga minnatdorchilik bildirib, qulluq qilish ortiqcha dramatizatsiya boʻlib qolmayaptimi?

Haypning oʻzginasi

Raisning harakati, bir tomondan, soliq madaniyatini targ‘ib qilishni ko‘zda tutsa-da, e’tibor haddan ortib ketgandek goʻyo. Birgina misol, oʻz haqqini talab qilgani uchun kaltaklangan bolaning oldida butun soliq organlarini tik turgizib qoʻyish esa qulluq qilishning ultra pro darajasi. Xarid uchun chek talab qilish - fuqaroning huquqlaridan biri. Bu kabi huquqlarni oddiy holat sifatida qabul qilish va huquq buzilishi holatlarida, masalan, hozirgi kabi abyuzerlikka duch kelinganida, tizimli o‘zgarishlar kiritish kerak, shov-shuv emas.