“Toshshahartransxizmat”ga yuklatilgan 10 ta funksiyada korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori
Korrupsiyaga qarshi kurash agentligining ta’kidlashicha, bu holat tashkilot uchun ogohlantiruvchi signal bo‘lib xizmat qilishi kerak.
1 daqiqa o‘qiladi

“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga yuklatilgan 30 ta funksiyaning 10 tasida korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq
Bildirilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi 240-sonli qaroriga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholashdan o‘tkaziladi.
“Toshshahartransxizmat”ga qo‘yilgan “baho”
2024-yilda “Toshshahartransxizmat” AJga yuklatilgan 30 ta funksiya baholashdan o‘tkazilganda 10 ta funksiyada xavf-xatar darajasi – “yuqori”, 17 ta funksiyada – “o‘rta” hamda 3 ta funksiyada – “past” darajada ekani aniqlangan.
“Korrupsiyaviy xavf-xatar yuqori funksiyalari ko‘p bo‘lgan tashkilot “eng korrupsiyalashgan”, korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan lavozimdagi shaxslar “korrupsioner” yoki aksincha korrupsiyaviy xavf-xatari asosan “past” bo‘lgan tashkilotlar “korrupsiyadan xoli” hisoblanmaydi”, deyiladi xabarda.
Tashkilot buni ogohlantirish sifatida qabul qilishi kerak
Qayd etilishicha, ushbu holatlar mazkur tashkilotlarda nazorat choralari yetarli yo‘lga qo‘yilganligi yoki aksincha, qo‘shimcha nazorat choralari ko‘rilishi kerakligini, shu bilan birga, tashkilot rahbarlari korrupsiyaviy xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlar (funksiyalar) va funksiyalarni bajaruvchi lavozimlarni alohida nazoratga olishiga signal beruvchi omil sanaladi.



