O‘zbekistonda 7 yilda 2 mingdan ortiq xususiy bolalar bog‘chalari ochildi
Shu davr mobaynida xususiy maktablar soni 16 barobar, o‘quv markazlari soni esa 48 barobar oshdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Bugun Toskent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ishtirokida nodavlat ta’lim mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ochilayotgan xususiy ta’lim muassasalari faoliyatiga to‘xtab o‘tildi.
7 yilda 2 591 ta xususiy MTM
Boshqarma maʼlumotlariga koʻra, 2017-yildan buyon xususiy bogʻchalar soni 13 barobardan ziyod koʻpayib, 2 591 taga yetdi. Ulardagi tarbiyalanuvchilar soni esa 166 ming nafardan oshdi.
Qamrab olish 74 foizga oshdi
Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish 27 foizdan 74 foizga oshdi. 2030-yilga kelib uni xususiy sektor hisobidan 100 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Xususiy maktablar
Shuningdek, so‘nggi yetti yilda mamlakatimizda xususiy maktablar soni 16,2 barobar o‘sib, 458 taga yetdi. Ayni paytda u yerda 82,8 mingdan ortiq bola ta’lim olmoqda.
Xususiy maktablarni ochish imkoniyatlari
Xususiy maktablar tashkil etish uchun bir qator litsenziyalash talablari soddalashtirilishi va “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi boʻyicha ularga turli imtiyozlar berilishi belgilab qoʻyilgan.
Jumladan, 2025-yil 1-yanvardan xususiy maktablar tashkil etishga 20 milliard soʻmgacha imtiyozli kreditlar beriladi. Yangi xususiy maktab tashkil etgan tadbirkorga maktab kommunal xarajatlarining 5 yil muddatga 50 foizini qoplab berish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, tadbirkorlarning xususiy maktab qurishga yoʻnaltiradigan mablagʻlariga foyda soligʻini hisoblashda chegirma beriladi.
O‘quv markazlari
Nodavlat o‘quv markazlari sohasi yanada faol rivojlandi. Ayni paytda respublika bo‘yicha 1755 ta yoki yetti yil avvalgiga nisbatan 48 baravar ko‘p bunday muassasalar faoliyat ko‘rsatmoqda.



