Nazoratdan chiqqan mashhurlik istagi: Avstraliyada 13 yoshli qizga 109 ta ayblov qo‘yildi
Avstraliyada 13 yoshli 109 ta jinoyatni sodir etishda gumonlanmoqda. Tergovga ko‘ra, shaxsi oshkor qilinmagan qizga o‘g‘rilik, mashina o‘g‘irlash, uyga bostirib kirish va xavfli harakatlarni sodir etish kabi og‘ir ayblovlar qo‘yilgan. Bu ish sudda ham ko‘rib chiqildi. Xo‘sh, nima uchun u bu jinoyatlarga qo‘l urdi?
2 daqiqa o‘qiladi

Qizning shaxsi oshkor qilinmagan, lekin unga o‘g‘rilik, mashina o‘g‘irlash, uyga bostirib kirish va xavfli harakatlarni sodir etish kabi og‘ir ayblovlar qo‘yilgan.
Ma’lum qilinishicha, 30-mart kuni Braytonda u o‘g‘irlangan mashinani haydab, velosipedchini urishga uringan. Keyin mashinani 45 yoshli erkak tomonga haydagan va janjal yuzaga kelgan. Politsiya uning telefonini tekshirganida turli videolarni topgan. Eng tashvishlisi, voqeadan atigi 3 daqiqa o‘tib u Google’da “odamni mashinada urib yuborsam qanday jazo beriladi” deb qidirgan. Bu esa harakatlar tasodifiy emasligini ko‘rsatgan.
Hozirda jabrlanuvchi bo‘yin og‘rig‘i, bosh aylanishi va boshqa muammolardan aziyat chekmoqda.
Maqsadli hujumlar va xavotirli xulq
Tergov davomida qizning ijtimoiy tarmoqlarda mashhurlikka berilgani ham aniqlangan. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar haqida nechta yangilik chiqqani va qancha “layk” yig‘ilgani bilan qiziqib borgan.
Bundan tashqari, ayrim hujumlar ma’lum guruhlarga qaratilgani aytilmoqda. Hampton, Ripponlea va Laulfield hududlarida antisemitik haqoratlar qayd etilgan, yana bir holatda yahudiy oilaga qarata mashina haydalgan. Qidiruv tarixida ham “yahudiylar qayerda yashaydi” degan savollar borligi aniqlangan.
Prokurorning ma’lum qilishicha, qiz 74 kun ichida deyarli har kuni jinoyat sodir etgan. Sud esa uni jamiyat uchun katta xavf deb topib, garovga evaziga ozod qilishni rad etdi. U 21 kundan keyin yana sudga olib kelinadi.



