$
 12085.56
33.51
 13870.60
-114.6
 164.52
-0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

4 ta gol, bir qahramon va yo‘qolayotgan umidlar

jch

Yevropa va Osiyo vakillari navbatdagi turda o‘z maqsadi sari yana bir qadam tashladi. Germaniya qiyin kechgan o‘yinda irodali g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Yaponiya Tunisni yirik hisobda mag‘lub etdi. Ekvador va Kyurasao esa g‘alab imkoniyatini boy berdi. Endi hal qiluvchi bahslar oldidan barcha nazarlar uchinchi turga qaratilgan. Xo‘sh, pley-off yo‘llanmalari uchun kurashda kimlar eng katta qadamni tashlay oladi? 

Germaniya so‘nggi daqiqalarda g‘alabani tortib oldi

“E” guruhining markaziy uchrashuvi Kanadaning Toronto shahridagi “BMO Field” stadionida bo‘lib o‘tdi. Germaniya va Kot-d’Ivuar o‘rtasidagi bahs kutilganidek keskin va murosasiz kechdi.

Hisobni birinchi bo‘lib afrikaliklar ochdi. 30-daqiqada Frank Kesse gol urib, Kot-d’Ivuarni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim nemislar uchun omadsiz yakunlangandek tuyulgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda vaziyat butunlay o‘zgardi.

Germaniya safida Deniz Undav haqiqiy qahramonga aylandi. U 68-daqiqada hisobni tenglashtirib, jamoasini o‘yinga qaytardi. O‘yin durang bilan tugayotgandek ko‘ringan pallada esa Undav yana o‘z so‘zini aytdi. Hujumchi 90+4-daqiqada ikkinchi golini urib, Germaniyaga 2:1 hisobidagi muhim g‘alabani taqdim etdi.

Bu natijadan so‘ng Germaniya 6 ochko bilan guruhda yakka peshqadamga aylandi. Kot-d’Ivuar esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda va pley-off masalasini so‘nggi turga qoldirdi.

Ekvador va Kyurasao imkoniyatni boy berdi

Guruhning ikkinchi uchrashuvi AQSHning Kanzas-Siti shahridagi “Arrowhead” stadionida bo‘lib o‘tdi. Birinchi turda mag‘lub bo‘lgan Ekvador va Kyurasao uchun bu bahs juda muhim edi.

Ekvador ilk turda Kot-d’Ivuarga 0:1 hisobida yutqazgan bo‘lsa, Kyurasao Germaniyadan 1:7 hisobidagi yirik mag‘lubiyatni qabul qilgandi. Shu sababli har ikki jamoa g‘alaba uchun maydonga tushdi.

Bahs davomida hujumlar yetarlicha bo‘ldi, ammo darvozabonlar va himoyachilar xato qilmadi. Natijada muxlislar gol ko‘rmadi va uchrashuv 0:0 hisobida yakunlandi.

Bu durangdan keyin Ekvador va Kyurasao hisobida bittadan ochko bor. Endi ular pley-off uchun so‘nggi turda imkoniyat izlashiga to‘g‘ri keladi.

Yaponiya Tunisga imkon qoldirmadi

“F” guruhida esa eng yorqin o‘yinlardan biri Meksikaning Gvadalupe shahridagi “BBVA” stadionida bo‘lib o‘tdi. Yaponiya va Tunis o‘rtasidagi uchrashuvda osiyoliklar raqibiga hech qanday imkon qoldirmadi va 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi.

Yaponiya o‘yin boshidanoq tashabbusni qo‘lga oldi. 6-daqiqada Daiti Kamada hisobni ochdi. 31-daqiqada Ayase Ueda farqni ikkitaga yetkazib, jamoasini yanada qulay vaziyatga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda ham Yaponiya bosimi davom etdi. 69-daqiqada Junya Ito uchinchi golni urdi. 83-daqiqada esa Ayase Ueda yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, dubl qayd etdi va o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.

Tunis uchun bu ikkinchi yirik mag‘lubiyat bo‘ldi. Jamoa birinchi turda Shvetsiyaga 1:5 hisobida imkoniyatni boy bergandi. Yaponiya esa ilk turdagi Niderlandiyaga qarshi 2:2 hisobidagi durangdan keyin ilk g‘alabasini qo‘lga kiritib, ochkolari sonini 4 taga yetkazdi va pley-off sari muhim qadam tashladi.

Ikkinchi tur yakunlariga ko‘ra, “E” guruhida Germaniya 6 ochko bilan birinchi, Kot-d’Ivuar 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ekvador va Kyurasao hisobida bittadan ochko mavjud. 25-iyun kuni Germaniya Ekvador bilan, Kot-d’Ivuar esa Kyurasao bilan maydonga tushadi.

Jahon chempionatining guruh bosqichi 27-iyunga qadar davom etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir guruhdan dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar va uchinchi o‘rinlar orasidagi eng yaxshi natija qayd etgan sakkizta terma jamoa pley-off bosqichiga yo‘l oladi.