Iste’molchilarni chalg‘ituvchi reklama uchun “InfinBANK” jarimaga tortildi
Bank reklamasida 50 million so‘mgacha kredit “tanishlarsiz, foizlarsiz, 50 kun muddatga” deb ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, veb-saytdagi ma’lumotlarda yillik foiz va komissiyalar mavjudligi aniqlandi.
2 daqiqa o‘qiladi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Invest Finance BANK” AJning kredit xizmati reklama axborotida iste’molchilarni chalg‘ituvchi ma’lumot berilganligi aniqlangan.
Reklamada chalg‘ituvchi ma’lumotlar aniqlangan
Jumladan, “Invest Finance BANK” AJ tomonidan Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama ob’yektlarida e’lon qilingan “50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5 yilga, ta’til uchun, ta’mirlash uchun, texnika uchun” mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.
Kredit shartlaridagi tafsilotlar reklamada ko‘rsatilmagan
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, faqatgina “INFIN BLACK” kredit kartasi uchun 50 million so‘mgacha, 60 oyga, yillik 23,99 foizdan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul yechish 2 foiz, kartadan kartaga pul o‘tkazish 1 foiz, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55 foizdan 54,75 foizgacha ko‘rsatilgan. Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muhim ma’lumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Moliyaviy jarima
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Invest Finance BANK” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Avvalroq, yolg‘on va chalg‘ituvchi reklamadan foydalanganligi uchun “Korzinka” supermarketlar tarmog‘iga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan edi.



