$
 12825.43
-12.9
 13493.63
-4.59
 120.98
1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Janubiy Koreyada vaziyat keskinlashmoqda: Mamlakat prezidenti hibsga olinishi va impichment e’lon qilinishi kutilmoqda

Janubiy Koreya

Bugun, 3-dekabr kuni Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol muxolifatni davlatga qarshi faoliyatlarda ayblab, mamlakatda favqulodda harbiy holat e’lon qildi. 

Prezident murojaati

Nashrning yozishicha, prezident Yun Sok Yol tunda favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan, shundan so‘ng unga nisbatan impichment jarayonini o‘tkazishga urinishlar tufayli hokimiyat falaj bo‘lish xavfi borligini ma’lum qilgan. Prezident Yun seshanba kuni televideniyeda jonli efirda qilgan murojaatida, “Shimoliy Koreya kommunistik kuchlari tomonidan kelayotgan tahdidlar va davlatga qarshi unsurlarni yo‘q qilish orqali Janubiy Koreyaning erkin va demokratik jamiyatini qayta quraman,” deya bayonot bergan. 

Nazorat kuchaytirildi

Shundan so‘ng, Janubiy Koreyadagi harbiy holat qo‘mondoni parlament va siyosiy partiyalar faoliyati to‘xtatilganini e’lon qildi. Shuningdek, mamlakatda barcha ommaviy axborot vositalari ustidan nazorat joriy etilishi ma’lum qilindi. Bundan tashqari, mahalliy OAV Seul osmonida vertolyotlar uchayotgani, parlament binosi oldida to‘siqlar o‘rnatilgani, yo‘llarda maxsus texnika harakatlanayotgani haqida xabar bergan. 

Vaziyat tafsiloti

Harbiy holat bo‘yicha Janubiy Koreya prezidentiga bo‘ysunuvchi qo‘shinlar dastlab parlamentning impichment bo‘yicha ovoz berishiga to‘sqinlik qilishga uringan. Bu vaziyatda qaror qabul qilish Janubiy Koreya harbiy komandirlari va harbiylariga ham bog‘liq bo‘lib qolgan; harbiy holatni bekor qilishga e’tibor bermasdan prezidentning buyruqlariga bo‘ysunishda davom etish, yoki qonunga muvofiq parlamentga bo‘ysunish va harbiy holatni bajarishni to‘xtatish. So‘nggi ma’lumotga ko‘ra, harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan Janubiy Koreya parlamenti binosini harbiy xizmatchilar tark etgan.

O‘zbekiston elchixonasi bayonoti

"Xabaringiz bor 3-dekabr kuni Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilindi. Bugungi kunda mamlakatda yuzaga kelayotgan ichki siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, barchangizdan Janubiy Koreyada turli xil mitinglar va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, o‘zingizning shaxsiy xavfsizligingiz va sog‘ligingizni ehtiyot qilishga chaqirib qolamiz" deb yozadi O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Elchixonasi. Shuningdek, elchixona zarurat bo‘lgan holatda quyidagi telefon raqamga murojaat qilishni so‘ragan: +82 10 3213 4505, +82 10 2909 4334.

Janubiy Koreyaning prezidentlari va ularning taqdiri 

1. Li Sinman – to‘ntarilgan va Gavayi orollariga qochib ketgan.

2. Yun Boson – to‘ntarilgan

3. Pak Chonxi – o‘z do‘sti Korea razvedka boshlig‘i Kim tomonidan otib o‘ldirilgan.

4. Chxve Gyu Xa – harbiylar tomonidan to‘ntarilgan.

5. Chon Du Xvan – prezidentlikdan ketganidan so‘ng korrupsiya va Gvanju qirg‘ini uchun o‘limga hukm qilingan lekin keyinchalik o‘lim jazosi bir umrlik qamoq jazosi bilan almashtirilgan.

6. Ro Deu – prezidentlikdan ketganidan so‘ng 22 yilga qamalgan. Lekin keyin kechirilib ozod etilgan.

7. Kim Yonsam – o‘zidan avvalgi ikki prezidenti qamagan.

8. Kim Dechjun – prezidentlikdan oldin surgun qilingan.

9. No Muxyon – Prezidentlikdan ketgandan so‘ng korrupsiyada ayblangan. Tergov jarayonida qoyadan sakrab joniga qasd qiligan.

10. Li Myonbak – prezidentlikdan ketgandan so‘ng hibsga olingan va 15 yilga qamalgan. Keyinchalik avf etilgan.

11. Pak Gyon Xe - 25 yilga qamalgan. Keyinchalik qo‘yib yuborilgan.

Ma'lumot uchun, bugungi kunga qadar Janubiy Koreyada uch marta harbiy holat e’lon qilingan bo‘lib, ularning oxirgisi bundan deyarli 44 yil oldin sodir bo‘lgan va unda 100 dan ortiq odam qurbon bo‘lgan. Janubiy Koreya prezidenti hibsga olinishi va impichment e’lon qilinishi kutilmoqda. Janubiy Koreya prezidenti Yun Seok Yol davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanib, bugun kechqurun hibsga olinishi mumkin. Mamlakat parlamenti impichment jarayonini boshladi. Parlament qarorini bajarishdan bosh tortgan barcha harbiy xizmatchilar va xavfsizlik xodimlari davlatga xiyonatda ayblanib sudlanishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat