O‘zbekistondagi tergov izolyatorlari deyarli to‘lgan — Oliy sud raisi
Ta’kidlanishicha, bunday holat O‘zbekistonda ilk bor 2001-yilda kuzatilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston tarixida ilk marta Oliy sud raisi va O‘zbekiston advokatlari o‘rtasida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqot jarayonida sud-huquq tizimidagi dolzarb masalalar va ularning yechimi yuzasidan advokatlar tomonidan 60 ga yaqin takliflar ilgari surildi.
Izolyatorlar to‘lib ketgan
Uchrashuv davomida qamoq ehtiyot chorasi ommaviy qo‘llanayotgani haqida gap ketdi. Ta’kidlanishicha, 97 foiz hollarda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilmoqda. Muhokama davomida Oliy sud raisi “izolyatorlar to‘lib ketgan”ini aytdi. Baxtiyor Islomovga ko‘ra, bunaqa holat ilk bor 2001-yilda kuzatilgan.
“O‘shanda vaqtincha saqlash joylaridagi shart-sharoitni o‘rganish uchun idoralararo komissiya tuzilgan edi. Hozir ham o‘shanga o‘xshash vaziyat bo‘lyapti. Lekin muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerak”, — dedi Oliy sud raisi.
Muammo yangi qurilishlar bilan hal qilinmasligi kerak
Shuningdek, Baxtiyor Islomov muammo yangi tergov hibsxonalarini qurish bilan hal qilinmasligi kerakligini aytgan.
Bundan tashqari, advokat Bahrom Salomov qamoq ehtiyot chorasini qo‘llashda suiiste’molchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun ayblov organi zimmasiga gumonlanuvchi tergovdan qochishi yoki guvohlarga bosim o‘tkazishi mumkinligini isbotlab berish kabi aniq majburiyatlar yuklashni taklif qildi.



