$
 12060.55
-36.78
 14183.21
-50.51
 161.32
0.79
weather
+26
Кечаси   +14°

Solovyov yana mojaro markazida: Italiya va Rossiya o‘rtasida keskinlik kuchaydi

italiya

Rossiyalik teleboshlovchi Solovyovning italyancha so‘kinib, mamlakat bosh vaziri Jorjiya Melonini fashist va ahmoq deb atagani diplomatik mojaroga aylandi. Hatto Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Rossiyaning Italiyadagi elchisi Aleksey Paramonovni vazirlikka ham chaqirdi. Paramonov bu Rossiya hukumatining rasmiy pozitsiyasi emasligini ta’kidladi.

Xo‘sh, Solovyovning gaplari ikki mamlakat munosabatlariga ta’sir qiladi?

Solovyov Meloni haqida

Rossiyalik mashhur teleboshlovchi Vladimir Solovyov o‘z dasturida Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloniga nisbatan juda og‘ir va haqoratli so‘zlar ishlatdi. U hatto italyan tilida so‘kinib, Melonini “haqiqiy ahmoq” deb atagan. Shundan keyin rus tilida ham gapni davom ettirib, uni “saylovchilariga xiyonat qilgan fashist qoldig‘i” degan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Meloni saylov paytida boshqa shiorlar bilan chiqib, keyin o‘z fikridan qaytgan. Hatto u Melonini Donald Trampga ham xiyonat qilganini aytib, uni keskin tanqid qilgan.

Rossiya elchisi TIVga chaqirtirildi

Ushbu holatdan keyin Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani Rossiyaning Italiyadagi elchisi Aleksey Paramonovni vazirlikka chaqirdi. Tayani X ijtimoiy tarmog‘ida Solovyovning gaplari “o‘ta jiddiy va haqoratomuz” ekanini aytdi. U bosh vazir Melonini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ham bildirdi.

Rossiya tomoni nima dedi?

Rossiyaning Italiyadagi elchisi Aleksey Paramonov bu vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi. Uning aytishicha, Italiya tomoni jurnalistning shaxsiy gaplarini noto‘g‘ri tarzda davlat siyosati bilan bog‘lab yuborgan.

Paramonov Solovyovning so‘zlari uning shaxsiy onlayn kanalida aytilganini va bu Rossiya hukumatining rasmiy pozitsiyasi emasligini ta’kidladi. Shuningdek, u bu voqea ataylab kattalashtirilayotganini, hatto ortida Rossiyaga qarshi kuchlar bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Paramonovning fikricha, shu orqali Rossiya va Italiya o‘rtasidagi munosabatlarni buzish, diplomatik aloqalarni zaiflashtirish va Rossiyaning obro‘siga zarar yetkazish maqsad qilingan.

Melonining munosabati

Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni ham bu vaziyatga befarq bo‘lmadi. U Solovyovni “rejimning ashaddiy targ‘ibotchisi” deb, bunday odam boshqalarga erkinlik yoki prinsip haqida gapira olmasligini aytdi.

U Italiya hech kimga qaram emasligini, ular buyruq olmaydigan mustaqil davlat ekanini ta’kidladi. Melonining aytishicha, Italiya faqat o‘z manfaatlari yo‘lida harakat qiladi va tashqi bosimlarga qaramay, o‘z yo‘lidan qaytmaydi.

Oldingi mojarolar

Eslatib o‘tamiz, Solovyov avval ham shunday tanqid va noroziliklarga sabab bo‘lgandi. U boshqa davlatlarga nisbatan ham keskin bayonotlar bergan. Jumladan, Solovyov yanvar oyida Rossiyani Markaziy Osiyo va Armanistonda “maxsus harbiy amaliyot” o‘tkazishga chaqirgandi.

U hatto bu hududlarni Rossiya uchun juda muhim deb atab, Markaziy Osiyoni “bizning Osiyo” degan. Bu gaplar ham katta norozilikka sabab bo‘lgan.

O‘shanda Armaniston bunga keskin javob berib, Rossiya elchisiga norozilik notasini topshirgan va bu bayonotlarni davlat suverenitetiga tahdid deb baholagan. O‘zbekistonda esa jamoatchilik bunday gaplarga qarshi choralar ko‘rishni talab qilgandi.

Теги :
Jamiyat