O‘zbekistonda hukumat iste’foga chiqdi
Yangi tarkib shakllantirilguniga qadar Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini davom ettiradi.
1 daqiqa o‘qiladi

Bugun, 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi. Bu haqda hukumatning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risida”gi qarori (VMQ-773-son, 19.11.2024 y.) imzolandi.
Yangi tarkib shakllantirilguniga qadar faoliyatini davom ettirib turadi
Avvalroq, 27-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirilgani e’lon qilingan edi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 116-moddasi va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunning 7-moddasiga ko‘ra, Hukumat yangi tarkibdagi Parlament oldida o‘z vakolatlarini topshirishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi yangi tarkibda shakllantirilguniga qadar hukumat faoliyatida uzviylik va uzluksizlikni ta’minlash maqsadida o‘z ishini davom ettiradi.
Hukumatning yangi tarkibi tasdiqlangach, bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.



