Iqlim falokati: so‘nggi 12 oy tarixdagi eng issigʻi bo‘ldi
Agar biz issiqxona gazlari chiqarishni davom ettirsak, tez orada 2023/2024-yillar salqin bo‘lib ko‘rina boshlaydi.
2 daqiqa o‘qiladi

O‘tgan 12 oyning har biri kuzatuvlar tarixidagi eng issiqlari bo‘ldi. Bu haqda Copernicus Yevropa iqlim xizmati xabar berdi.
1,63 daraja yuqori
2023-yilning iyunidan 2024-yilning mayigacha bo‘lgan davrda o‘rtacha global harorat 1850−1900-yillardagi sanoatdan avvalgi davrga nisbatan 1,63 daraja yuqori bo‘lgan.
O‘tgan yilning may oyida o‘rtacha global harorat 15,91 darajani tashkil etgan, bu 1991−2020-yillardagi ko‘rsatkichdan 0,65 darajaga, 2020-yil may oyida o‘rnatilgan avvalgi maksimal haroratdan 0,19 darajaga yuqori.
Rekordlar yangilandi
“Iqlim bizni bezovta qilishda davom etmoqda — so‘nggi 12 oy ichida avval hech qachon kuzatilmagan rekordlar yangilandi — bu asosan issiqxona gazlari chiqindilari, shuningdek, Tinch okeanining tropik qismidagi El-Ninoning qo‘shimcha impulsi hisobiga yuzaga keldi”, — dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Berjess.
“Agar biz issiqxona gazlarini atmosferaga chiqarishni davom ettirishga qaror qilsak, tez orada 2023/2024-yillar salqin bo‘lib ko‘rina boshlaydi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Iqlim falokatining oldini olish uchun nima qilish kerak?
Copernicus hisobotini sharhlar ekan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyoda iqlim falokatining oldini olish uchun juda kam imkoniyat qolayotganini ta’kidladi.
U mamlakatlarni issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishga va 2030-yilga mo‘ljallangan maqsadlarni qabul qilishga chaqirdi.
“Iqlim jahannamiga olib boradigan yo‘ldan chiqishimiz kerak. Va yaxshi xabar shundaki, rulni o‘zimiz boshqaryapmiz”, — dedi Guterrish.
Biz oʻzimiz xavfmiz
Bosh kotib, shuningdek, insoniyatni dinozavrlarni yo‘q qilgan meteoritga qiyosladi. “Iqlim bilan bog‘liq vaziyatda biz dinozavrlar emas, meteoritmiz. Biz nafaqat xavf ostidamiz, balki o‘zimiz ham xavfmiz”, — dedi u.



