$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Ispaniyada siyosiy silkinish: Bosh vazir ofisida tintuv o‘tkazildi

ispaniya

Ispaniyada bosh vazir Pedro Sanches atrofidagi korrupsiya mojarolari yanada kuchayib ketdi. Hatto hukmron Sotsialistlar partiyasining Madriddagi shtab-kvartirasida ham korrupsiyaga qarshi maxsus xizmat tintuv o‘tkazdi. Tergovchilarga ko‘ra, hukumatni sudga berayotgan va tanqid qilayotgan tashkilotlarni obro‘sizlantirish uchun maxsus odamlar yollangan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, Pedro Sanches bosimlarga qaramay hokimiyatda qola oladimi?

Sotsialistlar partiyasiga qarshi tergov boshlandi

Ispaniya Milliy sudining ma’lum qilishicha, maxsus xizmat xodimlari Sotsialistlar partiyasi ofisida tintuv o‘tkazgan. Tergovchilarning fikricha, hukumatga qarshi chiqayotgan va sudga murojaat qilayotgan tashkilotlarga bosim qilish hamda ularni obro‘sizlantirish uchun maxsus odamlar yollangan bo‘lishi mumkin.

Sud partiya moliyasini 2021-yildan beri boshqarib kelayotgan Ana Fuentesni ham ayblanuvchi sifatida tergovga tortdi. U noqonuniy moliyaviy sxemalar va firibgarlikda gumon qilinmoqda.

Tergov hujjatlarida yozilishicha, mojaro 2024-yilda boshlangan. O‘sha paytda Pedro Sanchesning oila a’zolariga qarshi ochilgan shubhali sud ishlari sabab hatto iste’fo haqida ham o‘ylagani aytilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, partiya vakillari hukumatga qarshi shikoyat qilayotgan o‘ng qanot tashkilotlariga qarshi ishlash uchun o‘n minglab yevro sarflagan. Ayrim to‘lovlar esa soxta hisob-fakturalar orqali yashirilgan. Tergovchilarga ko‘ra, bu odamlarning vazifasi hukumat manfaatiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan sud jarayonlarini har qanday yo‘l bilan to‘xtatish bo‘lgan.

Mojarolar ketidan yana yangi ayblovlar chiqmoqda

Tintuvlar Pedro Sanches uchun navbatdagi katta siyosiy zarba bo‘ldi. Chunki oxirgi haftalarda uning oilasi, hukumati va partiyasi atrofida ketma-ket korrupsiya mojarolari chiqmoqda.

Bir hafta oldin sobiq bosh vazir va Sanchesning yaqin ittifoqchisi Xose Luis Rodriges Sapatero ham ayblangandi. U 2021-yilda Plus Ultra aviakompaniyasini qutqarish bilan bog‘liq ishda pul yuvish, noqonuniy ta’sir o‘tkazish va boshqa jinoyatlarda gumon qilinmoqda.

Muxolifatdagi Xalq partiyasi rahbari Alberto Nunyes Feyxo Pedro Sanchesni iste’foga chaqirdi. Ammo bosh vazir hozircha ketmasligini va parlament muddati 2027-yil avgustigacha davom etishini aytdi.

Sanches Rimda Papa Lev XVI bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlarga: “Men saylovni partiya manfaatlari uchun emas, xalq manfaatlari uchun e’lon qilishim kerak”, degan.

Ittifoqchilar ham xavotir bildirmoqda

Hozir asosiy muammo Sanchesning koalitsiyadagi ittifoqchilari orasida paydo bo‘lyapti. 2023-yilda uning chap qanot hukumatini tuzishga yordam bergan partiyalar endi bu mojarolar sabab xavotir bildirmoqda.

Chap qanotdagi Sumar partiyasi deputati Enrike Santyago noqonuniy moliyalashtirish ular uchun “qizil chiziq” ekanini aytdi. Agar ayblovlar tasdiqlansa, ular hukumatdan chiqib ketishini bildirgan.

Bask millatchilar partiyasi rahbari Aytor Esteban esa Sanches yil oxirigacha muddatidan oldin saylov o‘tkazishi kerakligini aytdi. Uning fikricha, 2027-yilgacha bu vaziyatda hokimiyatni saqlab qolish juda qiyin bo‘ladi.

“Hozirning o‘zida to‘qqizta ochiq ish bor, endi yana Sapatero masalasi chiqdi. Byudjetsiz, barqaror ko‘pchiliksiz va sud ishlari ichida qolgan hukumat bilan davom etish mas’uliyatsizlik bo‘ladi”, dedi Bask millatchilar partiyasi rahbari.

Kataloniyaning Respublika chap partiyasi vakili Gabriel Rufian ham noqonuniy partiya moliyalashtirilishi isbotlansa, ular ham saylov talab qilishini aytdi. U 2018-yilda korrupsiya mojarosi sabab sobiq bosh vazir Mariano Raxoyga qarshi ishonchsizlik votumini qo‘llab-quvvatlaganini eslatgan.

Sanchesni hokimiyatdan tushirish oson emas

Shunga qaramay, ekspertlar Pedro Sanchesning yaqin orada hokimiyatdan ketishi ehtimoli pastligini aytmoqda. Chunki Ispaniyada bosh vazirni faqat parlamentdagi ishonchsizlik votumi orqali almashtirish mumkin. Buning uchun esa boshqa nomzod parlamentda ko‘pchilik ovozini olishi kerak.

Eng asosiy nomzod sifatida muxolifat yetakchisi Feyxo ko‘rilmoqda. Ammo u hokimiyatga kelishi uchun o‘ta o‘ng Vox partiyasi va Bask hamda Kataloniya partiyalari qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘ladi. Hozircha esa bunday ittifoq juda murakkab ko‘rinmoqda.

Madriddagi Carlos III universiteti siyosatshunosi Pablo Simonning aytishicha, hozircha bir-biriga qarama-qarshi partiyalar Sanchesni ag‘darish uchun birlashishi qiyin. Masalan, Bask millatchilari Bask hududida sotsialistlar bilan birga hukumat boshqaradi. Agar ular Madridda Sanchesga qarshi chiqsa, hududiy hokimiyatni boshqa partiyaga boy berishi mumkin.

Kataloniyadagi Junts partiyasi ham hozircha keskin qadam tashlashni istamayapti. Chunki Pedro Sanches 2023-yilda Kataloniya mustaqilligi yetakchilariga amnistiya berishga rozi bo‘lib, shu orqali ularning qo‘llovini olgandi. Ammo sudlar hali bu qarorni to‘liq qo‘llamagan.

Ekspertlarga ko‘ra, hozircha Pedro Sanchesning ketishi faqat o‘z qaroriga bog‘liq. U esa muddatidan oldin saylov o‘tkazsa, yutqazishi mumkinligini yaxshi tushunadi. Shu sabab u yozgacha imkon qadar past profil saqlab, mojaro asta-sekin tinishini kutishi mumkin. Siyosatshunoslarning fikricha, agar kuzgacha vaziyat tinchimasa, unda Sanches keyingi qadamlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat