$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Islomiy moliyalash tartiblari belgilandi

Islomiy moliyalash

Markaziy bank “Mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga sharhni e’lon qildi. Unda islomiy moliyalash tartiblari haqida so‘z boradi. 

Xizmatlar ko‘rsatish tartibi

Mazkur nizom Islomiy moliya institutlari uchun buxgalteriya hisobi va audit tashkilotining (AAOIFI) islomiy moliyalashtirishga oid standartlari asosida, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba hamda milliy kontekstni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Nizom bilan mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishda rioya qilinishi lozim bo‘lgan umumiy talablar o‘rnatildi.

Autsorsing asosida jalb qilish

Jumladan, mikromoliya tashkilotlari islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarni ko‘rsatishi uchun o‘zida islomiy moliya masalalarini muvofiqlashtiruvchi maxsus kengashni tashkil etishi lozimligi yoki uning faoliyatini autsorsing asosida jalb qilishi mumkinligi belgilandi. Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar bilan bir qatorda, qonunchilikka muvofiq boshqa an’anaviy xizmatlar ham ko‘rsatilsa, ushbu mikromoliya tashkilotining islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobi alohida yuritilishi kerakligi qayd etildi.

Shartnomalar tartibi

Bundan tashqari, mazkur nizom bilan maxsus kengash va uning a’zolariga nisbatan qo‘yiladigan talablar hamda islomiy ijara, foydani taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (muzoraba), nasiya savdoga asoslangan moliyalashtirish (murobaha), sherikchilik – foyda va zararlarni taqsimlashga asoslangan moliyalashtirish (mushoraka), oldindan to‘lovga asoslangan moliyalashtirish (salam) kabi islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlar va ushbu xizmatlarni ko‘rsatish yuzasidan talablar belgilandi. Tegishli bandlarda moliyaviy operatsiyalar tartibi belgilangan. Misol uchun, islomiy ijarada mijoz va tashkilot o‘rtasida shartnoma tuzilgach, qo‘shimcha to‘lovlarni mijoz zimmasiga yuklash taqiqlanadi.