Xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish holatlari ko‘payishiga olib keladigan qonun qabul qilindi
Shu paytgacha ushbu holatga yo‘l qo‘yiluvchi 6 ta asos bo‘lgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Xodimning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish holatlari ko‘payishiga olib keladigan qonun qabul qilindi. Bu haqda Generalissimus Telegram tanali ma’lum qildi.
Shu paytgacha 6 ta asos bo‘lgan
Mehnat kodeksi 269-moddasida 6 ta asos bor edi shu vaqtgacha, ya’ni quyidagi hollarda, xodimning yozma roziligidan qat’i nazar, ish haqidan ushlab qolish amalga oshiriladi:
· soliqlar va yig‘imlarni undirish uchun;
· “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan sud qarorlarini va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish uchun, shuningdek vakolatli organlarning qonuniy talablarini bajarish uchun;
· ish haqi hisobiga berilgan bo‘nakni ushlab qolish uchun, boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganligi munosabati bilan xo‘jalik ehtiyojlariga, xizmat safarlariga berilgan, sarflanmagan va o‘z vaqtida qaytarilmagan bo‘nakni ushlab qolish uchun hamda hisob-kitobdagi xatolar oqibatida ortiqcha to‘langan summalarni qaytarib olish uchun. Bunday hollarda ish beruvchi bo‘nakni qaytarish, qarzdorlikni to‘lash uchun belgilangan muddat tamom bo‘lgan kundan yoki to‘lov noto‘g‘ri hisoblab chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay ushlab qolish haqida buyruq chiqarishga haqli. Agar bu muddat o‘tib ketgan bo‘lsa yoki xodim bo‘nakni to‘lash uchun ushlab qolish asoslariga yoxud miqdoriga e’tiroz bildirayotgan bo‘lsa, qarzni to‘lash sud tartibida amalga oshiriladi;
· xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, agar yetkazilgan zararning miqdori xodimning o‘rtacha oylik ish haqidan oshmasa;
· ushbu Kodeks 312-moddasi birinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan jarimani undirish uchun;
· xodim qaysi ish yili hisobiga ta’til olib bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha yil tugaguniga qadar mehnat shartnomasi bekor qilinganda ta’tilning ishlab berilmagan kunlari uchun.
7-asos
Yangilangan tahrirda esa ushbu moddaga 7-asos bo‘lib “qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda” degan norma qo‘shilgan. Lekin, “qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda” deb belgilangan joyiga hech qanday izoh berilmagan.



