Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +17° kechasi +9°

Bir yilda 120 nafardan ko‘roq odam is gazidan halok bo‘lgan

FVV kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanish holatlari bo‘yicha o‘tkazgan monitoring natijalari haqida ma’lumot berdi.

3 daqiqa o‘qiladi

Bir yilda 120 nafardan ko‘roq odam is gazidan halok bo‘lgan

7-noyabr kuni AOKAda o‘tgan matbuot anjumanida Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ullari kuz-qish mavsumida is gazidan zaharlanish holatlari bo‘yicha o‘tkazgan monitoring natijalari haqida ma’lumot berdi.

Joriy yilda 32 ta holat

FVV vakili Samandar Hikmatullayevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda 2022-yilda is gazi bilan bog‘liq 84 ta baxtsiz holat aniq bo‘lgan, unda vafot etganlar soni 120 nafardan ko‘proq. 2023-yilda 46 ta holat bilan pasayish yuzaga kelgan. Bu yil shu kungacha 32 ta is gazi chiqishi holati kuzatildi.

Sabablar

Tahlillarga ko‘ra, hududlarda is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga ko‘ra yuzaga kelmoqda:

·       gaz va muqobil yoqilg‘i (ko‘mir, o‘tin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

·       nostandart (qo‘lbola yasalgan) yoki sertifikatga ega bo‘lmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

·       isitish pechlarining dudburonlarini noto‘g‘ri o‘rnatish va o‘z vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tkazmaslik;

·       gaz yoki boshqa muqobil yoqilg‘iga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

·       havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (ko‘mir va o‘tin cho‘g‘lari)dan foydalanish;

·       havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (to‘sib) qo‘yish shular jumlasidan.

Yong‘in kelib chiqishi sabablari

Yong‘inlarning 40 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 24 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 14 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 10 foizi bolalar sho‘xligi oqibatida hamda boshqa sabablarga ko‘ra sodir bo‘lgan.

Har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalari bilan bog‘liq

Aynan qish mavsumida o‘rtacha har 3 ta sodir bo‘lgan yong‘inning bittasi isitish moslamalaridan noto‘g‘ri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan va ayanchli oqibatlarga olib kelgan.

Vazirlik xodimi fuqarolarga xonadonda is gazi tufayli baxtsiz hodisalar kelib chiqishining oldini olish uchun bir qator tavsiyalar berdi. Jumladan, u asosiy kirish yoki oshxona eshigi tagida kichik tirqish bo‘lishi kerakligini eslatdi.

“Hozirgi kunda biz uyimizda ko‘p o‘zgartirishlarni kiritganmiz. Masalan, tashqi tomon yoki oshxonaning eshigi tagida avvalgi standartlarga ko‘ra kichik tirqish bo‘lishi kerak. Bu odam barmog‘I sig‘adigan hajmda bo‘lishi ham mumkin. Negaki, tashqaridan havo kirgandagina uydagi shamollatish tizimi ishlaydi. Tashqaridan havo kirib, ichkaridagi is gazi chiqib ketadi”, – deya ta’kidladi u.

Mas’ullardan chaqiriq

Bundan tashqari, mas’ul xodim fuqarolarni nostandart pechlardan foydalanishdan voz kechishga chaqirdi.

“Nostandart (tunika) pechlarni ko‘tarib, olib yurish oson. Biz mana shu pechlardan foydalanishdan voz kechishimiz kerak. Ota-bobolarimiz chekka hududlarda bo‘lsa ham mustahkam pechlar qurishgan. Biz ko‘chirib o‘tkazsa bo‘ladigan pechlarga ishonib qolishimiz kerak emas”, — dedi Samandar Hikmatullayev.

Maslahat va talablar

Vazirlik, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish maqsadida quyidagilarga rioya qilishni so‘radi:

·       tashqi himoya qobiqlari shikastlangan elektr sim va kabellardan foydalanmaslik;

·       elektr xo‘jaligida ortiqcha yuklanish va elektr simlarning qisqa tutashuvidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yong‘inlarning oldini olish lozimligi sababli sifat sertifikatiga ega bo‘lgan himoya saqlagichlaridan (avtomatlardan) foydalanish;

·       isitish pechlarining dudburonlarini tozalash;

·       isitish pechlarini haddan ziyod qizdirib yubormaslik;

·       gaz va elektr isitish moslamalarini nazorat qilishni yosh bolalarga topshirmaslik;

·       gaz jihozlarini gaz ta’minoti idoralari mutaxassislaridan taftishdan o‘tkazish;

·       gaz uskunalarini tartib-qoida bilan ulash;

·       yonuvchi materiallarni gaz plitalari ustida quritmaslik;

·       gaz isitish moslamalaridan xavfsizlik avtomatikalari (gazning o‘chib, qayta kelishini nazorat qiluvchi moslama) orqali foydalanish.