"Ozodiy"da yoqimsiz seriya barham topadimi?
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon Chempionati saralash bosqichi doirasida o‘zining azaliy va prinsipial raqibi Eronga qarshi Tehronda maydonga tushadi. Yoqimsiz tarix, bugungi o‘yin qadri, Eronni zabt etgan o‘zbeklar — maqola shu mavzular haqida hikoya qilinadi.
3 daqiqa o‘qiladi

Bugun O‘zbekiston Jahon Chempionati saralash bosqichi doirasida o‘zining azaliy va prinsipial raqibi Eronga qarshi Tehronda maydonga tushadi. Forslar O‘zbekiston uchun har doim va har qanday tarkibda "chaqilmas yong‘oq" bo‘lib kelgan.
"Ozodiy"dagi yoqimli va yoqimsiz tarix
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bugunga qadar Eron termasi bilan 13 bor o‘zaro to‘qnash kelib, faqatgina bir bora zafar qucha olgan. Umumiy hisobdagi o‘yinlarning 10 tasida Eron, 1 tasida O‘zbekiston g‘alaba qozongan bo‘lsa, ikki uchrashuvda g‘olib nomi aniqlanmagan. Qiziqarlisi, O‘zbekistonning yagona g‘alabasi aynan mehmonda, mana shu mashhur stadionda sodir bo‘lgan. O‘shanda vakillarimiz 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Uchrashuvdagi yagona golga esa Ulug‘bek Baqoyev mualliflik qilgan. O‘zbekiston Eronga qarshi bu stadionda so‘nggi marta 2017 yilgi JCH saralash bosqichida to‘qnash kelgan va bu o‘yin mamlakatning Rossiyadagi mundialga borish yo‘lida katta ahamiyat kasb etgan. 12-iyunda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida eronliklar 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Bu uchrashuv O‘zbekiston terma jamoalari tarixidagi eng yomon o‘yinlaridan biri bo‘lib, vakillarimiz bu o‘yinda mezbonlar darvozasi tomon atigi bir marotaba zarba bera olgan.
Bu shunchaki guruh g‘olibini aniqlaydigan o‘yin emas
Saralashning Osiyo mintaqasi "Ye" guruhidan joy olgan ushbu jamoalar 13 ochkodan to‘plagan va muddatidan oldin keyingi bosqichga yo‘l olgan. Ko‘plab OAV va futbol mutaxassislari kabi Tehrondagi o‘yin guruh g‘olibi nomini aniqlab beradi, xolos, deyish bizningcha biroz noto‘g‘ri. O‘zbek futboliga befarq bo‘lmagan har bir insonda forslar bilan bog‘liq yoqimsiz xotiralar bor. Shuning uchun ham bugungi o‘yindagi g‘alaba nafaqat o‘zbek xalqi uchun, balki terma jamoa futbolchilarida o‘ziga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlash uchun ham muhim o‘rin tutadi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi Toshkentdagi birinchi bahsda 2:2 hisobidagi durangga natijada qayd etilgandi.
Bosimni yengib o‘tgan jamoa g‘olib bo‘ladi
Bugungi o‘yin oldidan kecha jamoa vakillari o‘rtasida matbuot anjumani tashkil etilgan. Unda O‘zbekiston vakillaridan jamoa bosh murabbiyi va O‘tkir Yusupov ishtirok etishdi. Bosh murabbiy Srechko Katanes ertangi o‘yin haqida quyidagicha fikr bildirdi: Biz ertangi uchrashuvga tayyormiz. Eronni yaxshi bilamiz, ular bilan ko‘p bor to‘qnash kelganmiz. Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri hisoblangan Eronga qarshi bahs oson o‘tmasligi aniq. Futbolchilarim o‘z darajalarini ko‘rsatishlariga ishonaman. Umid qilamanki, har ikki jamoa toza futbol ko‘rsatadi va kartochkalarsiz o‘yin guvohi bo‘lamiz. Biz ham o‘z darajamizga egamiz, istalgan jamoa uchun qiyin raqibmiz. Bor e’tiborimiz ushbu bahsga qaratilgan. Eronga qarshi g‘alabasiz seriya bu shunchaki statistika xolos. Ertangi bahsda eronlik qaysi futbolchilar katta sahnaga chiqadi buni bilmayman. Asosiy e’tiborim o‘z o‘yinimizga qaratilgan. Jamoamdagi har bir futbolchi Toremiy va Ozmun singari futbolchilarga qarshi nima qilayotganini aniq bilib turishlarini istayman. Albatta, ehtiyotkorlikni ham yoddan chiqarmasligimiz zarur. Bosimni yengib o‘ta olgan jamoa g‘olib bo‘ladi.
Eronni zabt etgan o‘zbeklar
Osiyo Kubogidan keyin terma jamoamizning ikki futbolchisi Oston O‘runov va Jaloliddin Masharipov Eron Pro ligasi jamoalari tarkibiga borib, qo‘shilgandi. 1-iyun kuni "Persepolis" 30 turdan so‘ng 68 ochko bilan mamlakat g‘olibiga aylandi, "Istiqlol" esa 67 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etdi. Shunday qilib, Oston O‘runov Eron Pro ligasi chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Jaloliddin Masharipov jamoasi esa kumush medal bilan kifoyalandi. Qiziqarlisi, "Transfermarkt" portalining yangilangan ro‘yxatiga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi liganing eng qimmat o‘yinchisiga aylandi. Unda qayd etilishicha, Oston O‘runovning narxi 2.5 million yevro. Keyingi pog‘onada uning jamoadoshi Hussayn Kanani 2.2 mln. yevro Uchinchi o‘rinda 1.8 mln. yevro bilan "Traktorsozi"ning portugaliyalik o‘yinchisi Rikardu Alvesh. Erondagi yana bir hamyurtimiz Jaloliddin Masharipovning transfer narxi 1.7 mln.ga ko‘tarildi va u to‘rtinchi eng qimmat o‘yinchi bo‘lib oldi.
Ma'lumot uchun, Eron — O‘zbekiston o‘yini Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.



