Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +22° kechasi +9°

Iqtisodiyotda davlat ulushi foizi qisqarmoqda

Davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi va ikkilamchi ommaviy taklif o‘tkazilishi belgilanmoqda.

2 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiyotda davlat ulushi foizi qisqarmoqda

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 247 ta korxonadagi davlat aksiya paketlari va 1028 ta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga chiqarilishi, shuningdek, 12 ta yirik korxonadagi davlat ulushlarining mahalliy fond bozorida birlamchi (IPO) va (yoki) ikkilamchi (SPO) ommaviy taklifi o‘tkazilishi belgilangan.

Navoiyda sohaga mo‘ljallangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Mazkur qaror mazmun-mohiyatini tadbirkorlar va keng jamoatchilikka tushuntirish, uning targ‘ibot ishlarini jadallashtirish maqsadida hududlarda tadbirlar o‘tkazilmoqda.  

Xususan, davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Navoiy viloyatida xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari, jumladan, korxonalardagi davlat ulushlari, bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari va sotilishi belgilangan yer uchastkalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi navbatdagi “Roadshow” taqdimoti o‘tkazildi. Unda mahalliy hokimliklar hamda viloyatdagi yirik korxonalar vakillari, tadbirkor va investorlar ishtirok etishdi.

Ushbu tadbirda mamlakatimizda xususiylashtirish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan qulayliklar haqida so‘z bordi.  

O‘tgan yilda 65 ta davlat aktivlari auksion savdolarga chiqarilgan

Tadbirda ta'kidlanishicha, Davaktiv agentligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 2023-yil davomida jami 65 ta davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan. Shundan 46 ta davlat aktivlari 142,1 milliard so‘m qiymatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan. Bundan tashqari, tadbirkorlar va fuqarolar uchun 2254 ta 628,3 gektar yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilgan. 804 ta 118,3 gektar yer uchastkalari 27,3 milliard so‘mga sotilgan.

Xususiylashtirish dasturi foydali(mi)?

Shuningdek, Navoiy viloyatida 2024-yilning o‘tgan davrida jami 37 ta yangi davlat aktivlari auksion savdolariga chiqarilgan bo‘lib, 67 ta davlat aktivlari 60,8 milliard so‘m qiymatga sotildi, – deydi Davaktiv agentligining viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Nurali Atajonov.

Hozirgi kunda umumiy qiymati 105,5 milliard so‘m bo‘lgan 69 ta davlat aktivlarining savdosi davom etmoqda. Bugun tadbir ishtirokchilariga 2024- yilgi xususiylashtirish dasturiga muvofiq, viloyatda ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan jami 17 ta davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarining aktivlari, shundan 58 ta ko‘chmas mulk obyektlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, tadbir davomida qatnashchilarga “ye-auksion” elektron savdo platformasidan foydalanish, savdo platformasida shaxsiy kabinet ochish, onlayn elektron imzo olish va savdolarda qatnashish uchun arizalar berish tartiblari ham nazariy, ham amaliy tushuntirildi.

Kunning ikkinchi yarmida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etilib, hududda xususiylashtirilishi belgilangan davlat aktivlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.