$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Bekatlar yonidagi shoxobchalar soni 8 mingtaga, infokiosklar soni esa 800 taga yetkazilgan

Infokiosk Foto: Spot

Toshkent shahridagi avtobus bekatlari yonida infokiosklar o‘rnatish uchun budjetdan mablag‘ olinmaydi. Bu haqda 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Toshshahartransxizmat” boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Rustam Shamuradov ma’lum qildi.

QR-chipta sotib olish mumkin bo‘lgan nuqtalar soni 8 mingtaga yetkazildi

Uning qayd etishicha, kuni kecha, 14-yanvar kuni poytaxt avtobus bekatlari yonida 2 700 ta shoxobcha o‘rnatilgan. Natijada QR-chipta sotib olish mumkin bo‘lgan nuqtalar soni 8 mingtaga yetkazildi.

“Infokiosklarni o‘rnatishda davlatdan bir so‘m ham chiqim bo‘lmadi. Bunda tadbirkorlarga qo‘shimcha daromad qilish maqsadida mexanizmlar ishlab chiqildi: kimda infokiosk yoki do‘kon bo‘lsa, ularda chipta sotib, o‘zining ma’lum bir foydasini olishi mumkin bo‘ldi. Bu hukumat qarorida ham belgilangan”, — dedi Shamuradov.

Infokiosklardan qaytim olib bo‘lmaydi

Shu bilan birga, u infokiosklarda amalga oshirilgan to‘lovlardan ortgan pulni qaytarish masalasiga e’tibor qaratdi. Hozirda infokiosklarga 1000, 5000, 10 000, 50 000 yoki 100 ming so‘mlik kupyuralarni kiritish mumkin. Bunda chipta uchun 3 ming so‘m olib qolinib, qolgan pul avtomatik tarzda qurilmaga kiritilgan telefon raqami hisobiga tashlab beriladi.

Rustam Shamuradov infokiosklarning hech birida qaytim berish imkoni mavjud emasligini ta’kidladi. Bu ularning texnologik imkoniyati cheklangani bilan bog‘liq.

“Tadbirkorlarda bunaqa (naqd pulda qaytim bera oladigan) infokiosklar yo‘q. Qandaydir manbalar orqali ularni o‘zimiz o‘rnatishimiz mumkin, biroq bu qimmatroq (qurilma) bo‘lishi mumkin. Aynan iqtisodiy jihatdan shunday yechim tanlangan”, — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, yo‘lovchilar qog‘oz chiptalarni sotib olishda yangi tashkil etilgan shoxobchalar orqali to‘lovdan ortgan pullarini qaytarib olishlari mumkin.

Qaytimni endi kommunal to‘lovlarga ham o‘tkazish mumkin

Toshkent shahar transport va yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikramovning qo‘shimcha qilishicha, qaytimni yo‘lovchilarning telefon raqamiga tashlab berish bilan birga, endi ularni kommunal to‘lovlarga ham o‘tkazish imkoniyati yaratildi.

Yana 500 ta bekatga infokiosk o‘rnatish rejalashtirilyapti

Bundan tashqari, Ikramov infokiosklar soni 800 taga yetkazilganini qayd etdi. Yo‘lovchilar taklif va e’tirozlari asosida bekatlardan 300 metr uzoqlikda joylashgan infokiosklar ro‘yxati shakllantirilib, 675 ta bekatdan 210 tasiga infokiosklar o‘rnatilgan.

“Hozirda 500 ta bekat borasida ishlayapmiz, 1-fevralgacha ular atrofiga yoki bekatning o‘ziga infokiosklar o‘rnatiladi”, — dedi Mirakbar Ikramov.

Теги :
Jamiyat