Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 97 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +12° kechasi +8°

O‘zbekiston ingliz tilini bilish indeksida 5 pog‘ona pastladi

Mamlakat reytingda 116 ta davlat orasida 98-o‘rinni egalladi. Afg‘oniston esa 95-o‘rinda turib, ingliz tilini bilish bo‘yicha O‘zbekistondan oldinda.

2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ingliz tilini bilish indeksida 5 pog‘ona pastladi

O‘zbekistonda ingliz tili bilish darajasi bo‘yicha reytingda 116 davlat orasida 98-o‘rinni egalladi. Bu haqda EF English Proficiency Index hisobotida qayd etilgan.

Portaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat hali ham “juda past” darajada ingliz tilini bilish bo‘yicha davlatlar qatorida qolmoqda. O‘tgan yili O‘zbekiston 113 davlat va hudud orasida 93-o‘rinda edi.

Yetakchi davlatlar

Ingliz tilini eng yaxshi biladigan davlatlar qatorida Niderlandiya (“juda yuqori daraja”) yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Norvegiya, Singapur, Shvetsiya va Xorvatiya joylashgan. Reytingning so‘nggi o‘rnini esa Yaman egalladi.

Sobiq Sovet Ittifoqi davlatlari orasida “juda yuqori” darajaga ega davlat yo‘q. “Yuqori” daraja Estoniya (20-o‘rin) va Litvada (23-o‘rin) qayd etilgan. “O‘rta” darajadagi davlatlar orasida Gruziya (34), Belarus (35), Armaniston (38), Moldova (39), Ukraina (40) va Rossiya (44) bor.

“Juda past” darajadagi davlatlar

“Ingliz tilini bilish darajasi past” davlatlar qatoriga Ozarbayjon (86) va Qirg‘iziston (88) kiradi. “Juda past” daraja O‘zbekiston bilan bir qatorda Qozog‘iston (103) va Tojikiston (109)da kuzatilmoqda.

Afg‘oniston (95-o‘rin) ingliz tilini bilish bo‘yicha hali ham O‘zbekistondan oldinda.

So‘nggi yillarning ko‘rsatkichlari

O‘zbekiston EF EPI reytingida 2018-yildan buyon qatnashib keladi. Dastlab 88 davlat orasida 86-o‘rinni egallagan edi. 2019-yilda mamlakat 100 davlat orasida 95-o‘ringa tushib ketgan. O‘sha yili Toshkent ingliz tilini bilish bo‘yicha dunyo poytaxtlari orasida eng oxirgi o‘rinni egallagandi. 2020-yilda 99 davlat orasida 88-o‘ringa ko‘tarilgan, 2021-yilda 112 davlat orasida o‘z pozitsiyasini saqlab qolgan. 2022-yilda 111 davlat ichida 89-o‘ringa, 2023-yilda esa 113 davlat orasida 93-o‘ringa tushgan. 2024-yilgi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston 116 davlat orasida 98-o‘rinda, bu esa 5 pog‘onaga pasayishni anglatadi.

Hisobotda O‘zbekiston 439 ball to‘plagani, bu o‘tgan yilga nisbatan 3 ballga kamroq ekani ta’kidlangan.

Hududlar va yosh guruhlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar

Hududlar bo‘yicha ingliz tilini bilish darajasi eng yuqori Toshkent viloyatida qayd etilgan. Biroq shaharlar orasida yetakchi Toshkent emas, balki Andijon bo‘ldi. Toshkent ikkinchi o‘rinni egalladi. Eng yaxshi ko‘rsatkich 31 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholi orasida kuzatilgan. Ayollar va erkaklar ingliz tilini bilish darajasi bo‘yicha bir xil natijaga ega.