Fermerlarga yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi. Faqat…
Mirziyoyev raisligidagi videoselektrda tadbirkor va fermerlar uchun qator imtiyozlar muhokama qilindi.
2 daqiqa o‘qiladi

28-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va eksportini ko‘paytirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida yer va tadbirkorlik bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Dala chetidan foydalanmaslik tanqidiy ko‘rib chiqildi
Unda dala chetlariga ekin ekish holati tanqidiy ko‘rib chiqildi. Masalan, Qoraqalpog‘istonda dala chetidagi 2,1 ming gektar, Farg‘onada 1,2 ming, Samarqandda 826, Buxoroda 784, Qashqadaryoda 247 gektar yerlar ishlatilmasdan yotgani ko‘rsatib o‘tildi. Ba’zi joylarda dehqonlarga sifatsiz urug‘ sotilgan, zararkunandaga qarshi berilayotgan dorilar talabga javob bermaydi.
Shundan kelib chiqib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va O‘simliklar karantini agentligiga hokimlar, eksportchi, tajribali klaster, kooperatsiya va fermerlar bilan oziq-ovqat ekinlarining urug‘i, ko‘chati, dorisi, o‘g‘iti bo‘yicha ishlashning yangi tizimini ishlab chiqish topshirildi.
Dala chetidan kelayotgan foydalar
Yig‘ilishda dala chetidan samarali foydalanayotgan tadbirkorlar ko‘payayotgani ta’kidlandi. Masalan, Asakadagi fermer xo‘jaligi dala chetidagi 3 gektarda 10 ming dona tut, terak va tok ekib, besh yildan keyin 700 mln. so‘m daromad ko‘rgan.
“Samarqand qulupnay” korxonasi Qo‘shrabot, Jomboy, Bulung‘urdagi 6,5 ming aholiga 3 mln olcha ko‘chatini bepul tarqatib, dala chetida ektirishni yo‘lga qo‘ydi. Yil yakunigacha dala chetlaridagi 650 ming, aholiga berilgan 364 ming gektarni eksportchi-tadbirkorlarga biriktirish topshirildi.
Bo‘sh yerlarda daromadli ekin ekish
Endilikda tomorqa, ichki ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda daromadli ekinlar ekish va ularni eksport qilishga O‘simliklar karantini va himoya agentligi mas’ul etib belgilandi.
Viloyat hokimlaridan ham bu borada so‘rov qattiq bo‘ladi. Bundan tashqari, mazkur ishlarga faol kirishgan aholi, fermer va klasterlarga yengilliklar taqdim etiladi.
Dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingini hisoblashda qo‘shimcha ball beriladi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi. Fermerlarga barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Oilaviy tadbirkorlik uchun100 mln. so‘mgacha kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Shu bilan birga, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 mln. so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi. Dala cheti hisobi, nima mahsulot yetishtirilgani va qancha mahsulot olingani “e-Fito” portali orqali nazorat qilib boriladi.
Har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 mln. tup uzum ekish muhimligi ta’kidlandi.
Garovsiz kredit
Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika beriladi. Endi minitraktorda xizmat ko‘rsatuvchi fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs hisoblanadi. Ularga mamlakatda chiqadigan texnika uchun 30 mln. so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.



