$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Talabalarning yotoqxona va ijara muammosi bu yil qanday hal qilinadi?

yotoqxona

So‘nggi yillarda respublikada yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda, yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoj ham ortib boryapti. Hozirda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda. Talabalar soni esa o‘tgan o‘quv yilida 1 million 330 ming nafarga yetgan. Bu raqamlardan xulosa qilish mumkinki, milliondan oshiq talabaning ijarada yashashiga to‘g‘ri keladi.

Xo‘sh, joriy yilda yotoqxonalarga joylashish tartibi qanday bo‘ladi? Bu yil ham ijaraning bir qismi to‘lab beriladimi? Umuman olganda oliygohlar talabalarni kutib olishga tayyormi? Bu kabi savollarga AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova javob berdi.  

Yotoqxonaga joylashishda kimlar ustuvorlikka ega?

Talabalarning sifatli ta’lim olishlari uchun muhim omillardan biri ularni turar joy bilan ta’minlash masalasidir. 2024/2025 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining barcha kurs talabalari yotoqxonalarga onlayn ariza yuborish imkoniyatidan foydalanishlari mumkin. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi. 

Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

• “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;

• “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;

• I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;

• Bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;

• Xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

• “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;

• Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;

• Talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar. 

Yuqori kurslargachi?

Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:

• 1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foizi;

• 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi;

• 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.

Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi. Oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.

Ijara to‘lovlarining 60 foizi qoplab beriladi

Yotoqxona bilan qamrab olinmagan va ijara huquqi asosida yashaydigan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalarining 60 foiziga oylik ijara to‘lovining bir qismini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi. 

Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart. Bunda talabgorlarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar, Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, qolgan hududlarda — bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lanadi.

Теги :
Jamiyat