$
 12208.08
32.74
 14116.20
52.46
 155.00
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Poytaxtning qaysi tumanlarida ijara narxi arzonlashmoqda?

ijara

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi uy-joy ko‘chmas mulk bozoridagi vaziyatni tahlil qildi. Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorida ijobiy dinamika kuzatildi. Ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni sentyabr oyiga nisbatan 0,6%ga oshib, 21,4 mingtani tashkil etdi. Ko‘chmas mulk bozoridagi faollik yiliga 2% o‘sishi, uy-joy bozordagi faollik qayta tiklanishini ko‘rsatmoqda.

Hududiy dinamika

Oktyabr oyida ko‘chmas mulk bozorining hududlar kesimidagi dinamikasi Toshkent viloyatida (+10%) sezilarli o‘sib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+8,1%) va Jizzax viloyatida (+7,5%) ham ijobiy tendensiya qayd etildi.

10 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, oltita hududda faollik pasaygan, eng katta pasayish Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida kuzatilgan.

Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari

Oktyabr oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joylar bozori narxlari deyarli o‘zgarmadi (0,1%ga o‘sish).

Oy davomida ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida eng katta o‘sish Andijon - 5,1% va Sirdaryo - 3,3% viloyatlarida qayd etildi.

Yettita hududda ikkilamchi uy-joy narxining pasayishi kuzatilgan bo‘lsa, eng katta pasayish Namangan — 3,4%, Xorazm — 3,2% va Samarqand — 2,5% viloyatlarida qayd etildi.

Ikkilamchi uy-joylarning eng maqbul narxi Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatildi, bu yerda kvadrat metr uchun o‘rtacha narx 328 dollarni tashkil etadi.

Ikkilamchi uy-joylarning eng yuqori narxi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, kvadrat metr uchun o‘rtacha 1100 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning Bektemir — 3,9% va Yashnobod — 3,1% tumanlarida sezilarli pasayish qayd etildi.

Umuman olganda, respublika bo‘yicha ikkilamchi bozorda bir kvadrat metr uy-joyning o‘rtacha qiymati yil davomida 6,5% oshgan bo‘lsa, Toshkent shahrida shu davrda 1,3% pasayish kuzatildi.

Uy-joy ijara bozori

Toshkent shahrida uy-joy ijara narxlari barqarorlashuvi davom etdi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarmagan – 1 kv. m. uchun 8,3 dollar.

Oy davomida poytaxtning 14 ta markaziy tumanlaridan 5 tasida uy-joy ijarasi narxi pasaydi. Eng katta pasayish Sergeli va Uchtepa tumanlarida kuzatilib, bu tumanlarda ijara narxi o‘rtacha 4,5% kamaydi. Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10-11 dollarni tashkil etadi.

Shu bilan birga, eng arzon uy-joy ijarasi Bektemir va Sergeli tumanlarida kuzatilmoqda, bu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 6 dollarni tashkil etadi. Umuman olganda Toshkent shahrida yil davomida uy-joy ijarasi 12%dan ko‘proq kamaydi. Eng katta pasayish Yashnobod — 18%, Sergeli — 17% va Mirzo-Ulug‘bek — 15,2% tumanlarida qayd etildi.

Теги :
Jamiyat