$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Kanada va AQSh orasidagi “ichkilik” mojarosi: Trampning tariflari AQShga qimmatga tushmoqda

ichkilik

AQSh va Kanada o‘rtasidagi savdo mojarosi endi spirtli ichimliklar bozoriga ham katta zarba bera boshladi. Kanadaning aksariyat hududlari AQShda ishlab chiqarilgan alkogol mahsulotlarini do‘kon rastalaridan olib tashladi. Natijada amerikalik ishlab chiqaruvchilar katta zarar ko‘rmoqda. Hatto mingga yaqin odam ishidan ayrilgani aytilmoqda.

Xo‘sh, oddiy ichimliklar ikki davlat o‘rtasidagi katta siyosiy mojaroga qanday sabab bo‘lib qoldi?

Kanada taqiqidan keyin eksport keskin kamaydi

AQSh alkogol sanoati vakillarining ma’lum qilishicha, Kanadadagi cheklovlar tufayli o‘tgan yili Amerika ichimliklarining bu mamlakatga eksporti 63 foizga kamaygan. Bu haqda AQShning spirtli ichimliklar sanoati tashkiloti Tramp ma’muriyatiga bildirgan

AQSh Distillangan ichimliklar kengashi prezidenti va bosh direktori Kris Svongerning aytishicha, bu holatga asosan Kanada va Yevropa Ittifoqining javob choralari sabab bo‘lgan. Unga ko‘ra, Tramp joriy qilgan bojlar ortidan boshqa davlatlar ham qarshi qadam tashlagan va bu ayniqsa AQShning alkogol sanoatiga qattiq ta’sir qilgan. Svonger AQSh Savdo vakili idorasi huzuridagi Section 301 qo‘mitasida so‘zlar ekan, hatto tariflar bo‘yicha tahdidning o‘zi ham bozorda noaniqlik keltirib chiqarib, eksportga salbiy ta’sir qilayotganini ta’kidlagan.

Hozir Kanadada faqat Alberta va Saskachevan viloyatlaridan tashqari deyarli barcha hududlarda Amerika ichimliklarini sotishga cheklov bor. Shu sabab 2025-yilda AQShdan Kanadaga alkogol eksporti qisqargan.

Savdo tortishuvi ish o‘rinlariga ham ta’sir qildi

Bu mojaro endi faqat javonlardagi mahsulot masalasi bo‘lib qolmayapti. AQSh sanoat vakillari aytishicha, davom etayotgan savdo tarangligi sababli mamlakatdagi spirtli ichimlik ishlab chiqaruvchilar ham zarar ko‘rmoqda.

Kris Svongerning ma’lum qilishicha, 2024-yil sentyabridan 2025-yil sentyabrigacha AQSh distillyatorlari ishchi kuchining 3,5 foizini, ya’ni qariyb 1 000 ta ish o‘rnini yo‘qotgan. Bu esa savdo mojarosi real iqtisodiyotga ham urayotganini ko‘rsatadi.

Kanada bosh vaziri Mark Karni ham o‘tgan oy jurnalistlarga AQSh tomoni viloyatlarning do‘kon javonlaridagi alkogol bo‘yicha qarorlaridan norozi ekanini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu holat AQSh uchun “savdodagi noqulaylik” sifatida ko‘rilmoqda. Ayniqsa bu masala Kanada–AQSh–Meksika erkin savdo kelishuvi (CUSMA)ni yangilash bo‘yicha muzokaralar yaqinlashayotgan bir paytda yanada dolzarb bo‘lib qolgan.

Mojaro hozircha tugamaydiganga o‘xshaydi

Tramp Kanada mahsulotlariga tarif joriy qilishini e’lon qilganidan keyin, Kanadadagi bir nechta viloyatlar javob tariqasida do‘kon javonlaridan millionlab dollarlik Amerika ichimliklarini olib tashlagan edi. Endi bu masala AQSh hukumati e’tiboriga ham jiddiy tushgan.

O‘tgan oy e’lon qilingan tashqi savdo to‘siqlari haqidagi hisobotda AQSh Savdo vakili idorasi Kanada viloyatlarining bu taqiqlari Tramp ma’muriyatida jiddiy xavotir uyg‘otayotganini bildirgan. Hisobotda aytilishicha, CUSMA bo‘yicha muzokaralar davomida AQSh Kanadaga bu taqiqlarni olib tashlash uchun bosimni davom ettiradi.

Lekin Kanada tomoni ham hozircha ortga chekinayotgandek ko‘rinmayapti. Masalan, Ontario bosh vaziri Dag Ford o‘tgan oy ijtimoiy tarmoqdagi postida o‘z pozitsiyasini yana bir bor qat’iy takrorladi. U Amerika ichimliklari do‘kon javonlariga faqat AQSh tariflarni bekor qilgandan keyingina qaytishini aytdi.

Теги :
Jamiyat