“Bu hali boshlanishi, o‘zbeklar ko‘p kelishadi”: Premyer-ligadagi ilk o‘zbek nimalar dedi?
“Manchester Siti” Abduqodir Husanov transferini e’lon qildi. O‘zbekistonlik himoyachi “Lans”ga xayrlashuv maktubini yozib, “Manchester Siti” mediasiga intervyu berdi.
3 daqiqa o‘qiladi

Kecha, 20-yanvar kechasi “Manchester Siti” Abduqodir Husanov transferini e’lon qildi. “Shaharliklar” o‘zbekistonlik himoyachi bilan 2029-yilgacha shartnoma tuzdi. Kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, “Manchester Siti” bu transfer uchun “Lans”ga 45 mln. yevro va bonus sifatida yana 5 mln. yevro to‘laydi. 20 yoshli Husanov “Siti”da 45 raqam ostida to‘p tepadi.
Rekordlarni “urgan” transfer
Ushbu tarixiy transferdan so‘ng Husanov Angliya Premyer-ligasida o‘ynaydigan birinchi o‘zbek futbolchisiga aylandi. Shuningdek, u o‘zbek o‘yinchilari orasida eng qimmat transfer qiymatiga baholangan futbolchi bo‘ldi. Bunga qadar bo‘lgan rekord natija 2021-yil “Jenoa”dan “Roma”ga 18 mln. yevro evaziga o‘tgan Eldor Shomurodov transferiga tegishli bo‘lgan. Bundan tashqari, u “Lans” tarixida ham eng qimmat transferga aylandi.
“Lans” doimo yuragimda qoladi”
“Lans” matbuoti Husanovning xayrlashuv maktubini e’lon qildi.
“Aziz do‘stlar! Yuragimda alohida o‘rin tutgan va Yevropadagi ilk katta sarguzashtim bo‘lgan “Lans” jamoasi bilan xayrlashish vaqti keldi. Fransiya va Lans shahriga samimiy qabul uchun katta rahmat! Fransiya menga eshiklarini ochdi, fransuzlar menga mehribon edi. Buning uchun sizlarga rahmat. Fransiya – imkoniyatlar mamlakati, menga fransuz madaniyati, fransuz tili va albatta fransuz futboli juda yoqdi. O‘tgan bir yarim yil davomida meni qo‘llab-quvvatlagan barchaga chuqur minnatdorlik bildiraman. Uill Still boshchiligidagi hozirgi va Frenk Ez boshchiligidagi oldingi murabbiylar shtabiga ishonch va rivojlanishimdagi hissalari uchun katta rahmat. Jamoadoshlarimga tashakkur. Birinchi kundanoq mehr bilan qarshi olib, moslashishga yordam berdingiz. Sizlar tufayli maydonda ham, maydon tashqarisida ham o‘zimni uydagidek his qildim. Stadion va mashg‘ulot bazasidagi xodimlarga, ishchilarga ham rahmat. Va, albatta, “Lans”ning ajoyib muxlislariga katta rahmat. Siz jamoangiz uchun hamma narsaga tayyor bo‘lgan haqiqiy armiyasiz. Bizni olg‘a yetakladingiz, so‘nggi nafasimizgacha tinmay qo‘llab-quvvatladingiz. Faoliyatimda meni yangi sinov kutib turibdi, lekin bu yerda boshdan kechirganlarimni hech qachon unutmayman. “Lans” doimo yuragimda qoladi va mening bir qismim hamisha Sang et Or bo‘lib qoladi. “Lans”ning bir bo‘lagi bo‘lganimdan faxrlanaman!”.
“Bu hali boshlanishi”
Husanov jamoadagi dastlabki kunida klub matbuot xizmatiga intervyu berdi. Quyida uning intervyusidan parchalarni keltirib o‘tamiz.
— Bu jamoaga qo‘shilganimdan juda xursandman. “Manchester Siti” dunyoning eng yaxshi jamoalaridan biri, bu yerga sovrin yutish uchun keldim.
— “Manchester Siti” eng yirik jamoalardan biri. Gvardiola - jahonning eng yaxshi murabbiylaridan.
— Men har doim qiyinchilik bilan kelganman. Hech narsada to‘xtash yo‘q.
— Bu nafaqat men uchun, balki butun O‘zbekiston uchun (katta muvaffaqiyat). Men Angliya Premer-ligasidagi birinchi o‘zbekman. Bu hali boshlanishi, o‘zbeklar ko‘p kelishadi...
— O‘zbekistonda futbolga e’tibor juda katta. Shu sabab hamma mundialda ishtirok etishimizga ishonishmoqda. Bir qadam qoldi...
— Dadamning futbol o‘ynashini ko‘rib, menda ham qiziqish paydo bo‘lgan. Borganman... Hozirgi darajamga yetishimga dadamning hissasi katta. Har bir o‘yin va mashg‘ulotdan so‘ng xatolarni muhokama qilamiz.




