$
 12158.59
-39.69
 14238.92
-2.57
 157.88
1.31
weather
+26
Кечаси   +14°

“Bu bola bizga tortmaydi”: “Bunyodkor”ning asosiy tarkibida o‘ynash orzum edi — Abduqodir Husanov

Husanov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda Fransiyaning “Lans” futbol klubi himoyachisi yaqin kunlar ichida Angliyaning “Manchester Siti” futbol klubiga o‘tishi kutilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda futbolchining Belarus va “Bunyodkor” futbol klubidagi faoliyati haqida gapirgan videolari tarqaldi. Ushbu videolar Gazeta.uz nashrining 2024-yil yozida O‘zbekiston terma jamoasining Parij Olimpiadasiga yo‘l olishi tarixi haqidagi hujjatli filmda olingan intervyulardan biri edi. Manba ushbu videoni o‘zining YouTube’dagi sahifasida taqdim qilgan

“Bunyodkor” va Husanov o‘rtasidagi munosabatlar

Abduqodir Husanov intervyu davomida “Bunyodkor”dagi faolyati haqida gapirar ekan, “Bunyodkor” akademiyasida yurgan vaqti o‘rinbosarlar jamoasiga mashg‘ulotlarga chaqirishgani hamda o‘yinga ham tushirishganini eslaydi. “Agar yana biroz o‘ynasam, asosiy tarkibga ham chiqishim mumkin edi. 16 yosh vaqtim “Bunyodkor”ning asosiy tarkibida o‘ynash orzum edi. Keyin birdan “bu bola bizga tortmaydi”, deb “Bunyodkor”ning 18 yoshlilar jamoasiga o‘tkazib yuborishdi. Shundan keyin, agentlar orqali, Belarusga ketdim”, deya eslaydi futbolchi. 

“Tonggi chigaldiyozdi mashqlar o‘rniga maydonni qordan tozalardik”

“Har qanday qiyinchilikda ham futbolni tashlash fikri bo‘lmagan. Hech qachon. Men futbolchilikning haqiqiy qiyinchiliklarini aynan Belarusda — uning qishi, qori, sovug‘ida, uydan uzoqda ko‘rdim. U yerda qor juda qalin yog‘ardi. Men bilan Belarusga kelgan o‘rtog‘im Amirbek Bakayev ikkimiz tonggi chigaldiyozdi mashqlar o‘rniga maydonni qordan tozalardik. So‘ng ichkariga kirib, kiyim almashtirib, trenajyorda shug‘ullanardik. Uyga ham bormasdik — o‘sha yerdagi kiyim almashtirish xonasida qolib, bir soat uxlab olib, kechki mashg‘ulotlarga ham o‘sha yerdan chiqardik. Ovqatni ham o‘sha yerning o‘zida, u-bu narsadan ozgina-ozgina cho‘qivolib, yurardik”, — deydi Abduqodir Husanov. 

Jarohat va o‘yin amaliyoti

Futbolchi Belarusdagi faoliyati davomida jarohat olgani va o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan vaqtlarini xotirlaydi. “O‘rtoqlik uchrashuvlari boshlanib, men ham maydonga tushishim mumkin bo‘lgan pallada jiddiy jarohat olib, 2−3 oy gipsda yurishga majbur bo‘lganman. O‘shanda 17 ga to‘lgandim. Allaqachon “Energetik-BGU” tarkibida maydonga tushishim kerak edi. Ammo, 18 yoshga to‘lmaganim uchun, FIFA ruxsat bermagan. Shundan keyin uyimdagilar hamma xat-hujjat, qog‘ozlarni tayyorlab kelgan, yana FIFAga yozganmiz. Lekin baribir “hali yoshi kichik, boz ustiga hozir pandemiya», deb ruxsat bermagan. Shu tariqa Belarusda bir yil o‘yin amaliyotisiz qolganman”, deb eslaydi u.

Теги :
Jamiyat