Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
⛅ +17° kechasi +9°

Mahsulot nuqsonli chiqsa, iste’molchining qanday huquqlari bor?

Tovarning katta hajmda yoki og‘irlikda bo‘lishi hamda uni ta’mirlash, almashtirish yoki qaytarib olish zarur bo‘lganda, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi mahsulotni eltib berish va qaytarib olish uchun mas’ul hisoblanadi.

3 daqiqa o‘qiladi

Mahsulot nuqsonli chiqsa, iste’molchining qanday huquqlari bor?

Do‘kon yoki bozordan olgan mahsulotimiz nuqsonli chiqqanida uni almashtirib olish har doim ham muvaffaqiyatli kechavermaydi. Ba’zan sotuvchi mahdulotni qaytarib olgisi kelmaydi, ba’zan aynan shu tovar qolmagan yoki narxi qimmatlagan bo‘ladi. Iste’molchilarning hammasi ham esa bu boradagi haq-huquqlarini yaxshi bilavermaydi. “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mas'ul xodimi Ixtiyor Fayziyev bu vaziyatda qonunchilik nima deyishi haqida ma’lumot berdi.

Nuqsonli tovar sotilgan taqdirda iste’molchi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasi, nuqsonli tovar sotilganda iste’molchining huquqlarini tartibga soluvchi asosiy qoidalardan biridir. Ushbu norma nuqsonli tovarlar bilan hisob-kitob qilish jarayonida iste’molchi va sotuvchi o‘rtasida paydo bo‘ladigan moliyaviy va huquqiy masalalarni hal etishga qaratilgan.

Nuqsonli tovar sotilgan taqdirda iste’molchi bir qator huquqlarga ega bo‘ladi. Tovar almashtirilganda, agar almashtirilgan yangi tovar narxi o‘zgargan bo‘lsa, bunday o‘zgarishlar hisobga olinmaydi va iste’molchiga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shu bilan birga, agar nuqsonli tovar boshqa markadagi yoki modellardagi mahsulotga almashtirilsa, narxlardagi farq iste’molchi tomonidan to‘lanishi yoki qaytarilishi kerak bo‘ladi. Tovarning narxi oshgan taqdirda, iste’molchi talab qo‘yilgan paytdagi narxga muvofiq hisob-kitob qilinadi. Aksincha, narx pasaygan bo‘lsa, hisob-kitob tovar xarid qilingan vaqtdagi qiymatga asoslanadi. Ushbu holatlar sotuvchi va iste’molchi o‘rtasidagi moliyaviy masalalarning shaffof va adolatli yechimini ta’minlaydi.

Tovar narxi oshgan bo‘lsachi?

Shartnoma bekor qilingan taqdirda ham tovar narxi bo‘yicha hisob-kitob shartlari o‘zgaradi. Agar tovar narxi oshgan bo‘lsa, iste’molchi bilan hisob-kitob talab qo‘yilgan paytdagi qiymatga qarab amalga oshiriladi, narxi pasaygan bo‘lsa esa, xarid vaqtidagi narxga muvofiq hisob-kitob qilinadi. Bu iste’molchiga zarar yetkazmaslik va moliyaviy yo‘qotishlarni oldini olishga qaratilgan himoya choralaridir.

Ayniqsa, tovar kreditga sotilgan bo‘lsa, shartnoma bekor qilinganida iste’molchi tomonidan to‘langan summa unga qaytariladi. Kredit bo‘yicha olingan foizlar va boshqa kredit bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi. Bu esa iste’molchilarning kredit shartlaridagi moliyaviy xavfsizligini ta’minlashga yordam beradi.

Sotuvchi eltib berish va qaytarib olish uchun mas’ul hisoblanadi

Tovarning katta hajmda yoki og‘irlikda bo‘lishi hamda uni ta’mirlash, almashtirish yoki qaytarib olish zarur bo‘lganda, sotuvchi yoki ishlab chiqaruvchi mahsulotni eltib berish va qaytarib olish uchun mas’ul hisoblanadi. Agar sotuvchi ushbu majburiyatni bajarmasa, iste’molchi o‘z hisobidan tovarni eltishi mumkin, va keyinchalik xarajatlar sotuvchi tomonidan qoplanadi. Bu qoidalar iste’molchining ortiqcha tashvishga tushib qolmasligini va adolatli munosabatlar saqlanishini ta’minlaydi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida ”gi qonunining 17-moddasi iste’molchilarning huquqlarini samarali himoya qiladi, ularga tovar nuqsonli chiqqanda huquqiy va moliyaviy himoya choralarini taqdim etadi. Iste’molchi va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarda adolat va tenglikni ta’minlash ushbu qonunning asosiy maqsadidir. Shu sababli, nuqsonli tovar bilan bog‘liq masalalarda iste’molchilar o‘z huquqlarini bilib, ularni faol ravishda himoya qilishlari lozim.