"Hisorak"dagi vaziyat aslida qanday?
Kuni kecha Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi "Hisorak" suv omborida favqulodda holat yuz bergani, yaqin atrofdagi odamlar uylarini tashlab ketayotgani haqida xabarlar tarqala boshlagandi. Bugun Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi "Hisorak" suv omborida favqulodda holat yuz bergani, yaqin atrofdagi odamlar uylarini tashlab ketayotgani haqida xabarlar tarqala boshlagandi. Bugun Favqulodda vaziyatlar vaziri general-mayor Abdulla Qo‘ldoshev holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
"Hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagan"
"Tarqalgan xabar bo‘yicha zudlik bilan joyga respublikadan mutaxassislardan iborat ishchi guruh yetib kelib, holat o‘rganildi. Bugungi kunda hech qanday favqulodda vaziyat sodir bo‘lmagani aniqlandi. "Hisorak" suv ombori shtat rejimida ishlayotgani, haqiqatdan ham mana bu mutaxassislar bu yil ob-havoni seryomg‘ir kelgani va albatta kunlarni isib ketib, tog‘dagi qorlarning erishi bir muncha tezlashgani va yerning namligi oshgani "Hisorak" suv omborining yon bag‘irlarida joylashgan o‘zining yo‘li bilan kelayotgan suvlarning bir muncha ko‘payishi holati sezilgan. Lekin, asosiy suv omborining bironta parametri o‘zgargan joyi yo‘q, shtat rejimida ishlayotgan bo‘lgan", — dedi vazir.
Vaziyat qanday sodir bo‘lgandi?
Vazirning ma’lum qilishicha, kecha tepadan kelayotgan suv bir muncha ko‘payganini hisobga olib, suv omborining suv hajmi balans berishi kerak bo‘lgan. Balans berish natijasida suv tashlash ishlari amalga oshirilgan. Uning ham hisob kitoblari qilinganda 40 kub/sekundiga tashlangani ma’lum bo‘lgan. Vaholanki, bu suv omborining loyihaviy suv tashlash qobiliyati 250 kub/sekundga teng. "Avariya oqibatini bartaraf etish maqsadida „O‘zbekgidroenergo“ AJ boshqaruvi raisi rahbarligida viloyat hokimi, FVB, IIB boshliqlari va boshqa mutasaddi tashkilotlardan iborat tezkor shtab tuzilgan. FVVning qo‘shimcha qilishicha, maxsus texnikalar yordamida barcha zarur muhandislik tadbirlar olib borilmoqda", — deyiladi vazirlik axborotida.
"Hisorak" suv ombori
"Hisorak" suv ombori — Shahrisabz shahridan 35 km, Miroqi qishlog‘idan 1,5 km masofada joylashgan suv ombori. Uning qurilishi 1977-yilda boshlanib, 1988-yilda bitkazilgan. Suv omborining asosiy suv manbai Hisor tog‘ tizmalaridan oqib keluvchi Oqsuv daryosi hisoblanadi. Omborining suv sig‘imi 170 mln. metr kub. Hisorak Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Kitob, Chiroqchi va Yakkabog‘ tumanlarida joylashgan 49 ming gektar ekin yer maydonini sug‘orish imkoniyatiga ega.
"Hisorak" GES
"Hisorak" suv ombori ilk qurilganda undan elektr energiyasini olish maqsad qilinmagan. Keyinchalik mustaqillik yillarida suv omborida bir yilda 80,9 mln. kVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi GES qurilgan va u 2011-yilda foydalanishga topshirilgan. GESda ikkita agregat bo‘lib, ular soniyasiga 45 metr kub suv o‘tkazish qobiliyatiga ega. Hisorakning to‘g‘on konstruksiyasi yadroli, tosh-tuproq to‘kmali bo‘lib, balandligi 138,5 m, uzunligi 660 metr, to‘g‘on usti eni 16 metrni tashkil etadi. To‘g‘onning ustki qismi temir-beton plitalar bilan qoplangan.



