Hijob taqiqiga oid qonun loyihasi qabul qilindi
Qonun loyihasining quyi palatada qabul qilinishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston parlamentining yuqori palatasi (Majlisi Milliy)19-iyun kuni “milliy madaniyatga yot bo‘lgan kiyim-bosh”ni hamda hayit kunlari bolalarning “idgardak” aytishini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Aniqlanishicha, loyihaning yuqori palatadagi muhokamasiga mustaqil jurnalistlar kiritilmagan, shu sabab ham qabul qilingan tuzatishlarga oid tafsilotlar hali ma’lum bo‘lmagan.
Dastlabki qadam
“An’ana va urf-odatlarni tartibga solish to‘g‘risidagi” qonun loyihasi mamlakat parlamentining quyi palatasi (Majlisi Namoyandagon) tomonidan shu yil 8-mayida qabul qilingan edi. O‘shanda mamlakat xorijida yashaydigan ayrim tojikistonliklar va ruhoniylar “idgardak” va “yot” kiyim-boshga oid tuzatishlarni tanqid qilishib, uni qayta ko‘rib chiqishga chaqirishgan.
Milliy va madaniy o‘zlikka putur yetkazish
Ma’lumot uchun, qonunchilikka “milliy madaniyatga yot bo‘lgan” kiyim-boshni taqiqlash bo‘yicha tuzatishlar parlamentga Tojikiston prezidentining joriy yil mart oyidagi ruhoniylar bilan uchrashuvidan keyin kiritilgandi. “Kiyinishda yot madaniyatga taqlid qilish, ya’ni satr va hijob deb nomlangan yot kiyim-boshni kiyib yurish jamiyatimiz uchun yana bir dolzarb muammo bo‘lib hisoblanadi”, degan Emomali Rahmon milliy liboslardan begonalashish millatning milliy va madaniy o‘zligiga putur yetkazishini urg‘ulagan edi.
Qonun loyihasiga qarshi e’tirozlar
Shundan so‘ng Musulmon ulamolari ittifoqi Tojikistonda hijobni taqiqlashga oid qonun loyihasini qoralab chiqqan, Afg‘onistondagi ekstremistik kayfiyatda bo‘lgan ayrim ruhoniylar esa hatto “jihod” e’lon qilgan. Qonun loyihasining quyi palatada qabul qilinishi ijtimoiy tarmoqlarning tojik segmentida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Bu borada mamlakat ichida ayrim diniy arboblar, mulozimlar, OTM o‘qituvchilari va blogerlar ham o‘z mulohazalarini bildirganlar.



