Jamoat joylarida yuzini berkitib yurgan fuqarolar jarimaga tortilmoqda
Andijonda jamoat joyida Burka kiyib yurgan qiz javobgarlikka tortildi.
2 daqiqa o‘qiladi

Jamoat joylarida yuzini berkitib yurgan fuqarolar jarimaga tortilmoqda
Andijonda jamoat joyida Burka kiyib yurgan qiz javobgarlikka tortildi.
Yuz bergan holat
Joriy yilning 14-iyun kuni Andijon viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tumani sudida S.A. (qiz)ga doir sud ishi ko‘rib chiqildi.
Qiz joriy yilning 13-iyun kunida Andijon viloyati Marhamat tumani hududida jamoat joyida qora matodan tikilgan Burka, Chimmat bilan yuzini to‘sgan holda harakatlangan.
Huquqbuzarlik holati va jazo
Qizga jamoat joyida yuzini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sib yurganligi uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, kodeksning 33-moddasi qo‘llangan.
Unga nisbatan 340 000 so‘m miqdorida jarima berilgan.
Tushuntirish
O‘tgan yilning noyabr oyida jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritilib, unga ko‘ra, jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lish jazoga tortilishiga sabab bo‘lishi aytilgan edi.
Qo'shni davlatdagi holat
“Tangrinews” nashri bergan ma’lumotlarga ko‘ra , Qozog‘istonning jamoat joylarida diniy libos kiyib yurish taqiqlanishi mumkin, ushbu masala ancha dolzarb bo‘lib qolgani aytilmoqda. Bu haqida Parlament deputati Yermurat Bapi gapirib o‘tdi.
“Biz uchun eng muhim masala mamlakatimizning milliy manfaatlari, an’ana va madaniyatimizni asrab-avaylashdir. Hozirgi holatga qarasangiz, jamiyatda qora kiyingan qozoqlar ko‘proq. Bu holat bo‘lajak milliy manfaatlarimizga jiddiy zarar yetkazadi”, - deydi deputat o‘z nutqida.
Kuzda parlamentga taqdim etiladi
Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi kuzda parlamentga taqdim etiladi. “Shuning uchun biz, bir guruh deputatlar, shunday qonun loyihasini tayyorladik. U parlamentning kuzgi sessiyasida taqdim etiladi. O‘ylaymanki, uni qabul qilish bilan jamiyatdagi hijob, niqob va boshqa diniy kiyim masalasi hal bo‘ladi. Shunda diniy kiyim masalasini qandaydir tarzda tartibga solishimiz mumkin bo‘ladi” – deya fikrini izohlaydi Bapi.



