Keksalikni qanday qilib sog‘lom kutib olish va uzoq umr ko‘rish mumkin?
Sog‘liqni saqlash vazirligi sog‘lom qarish va uzoq umr ko‘rish uchun nimalar qilish kerakligi haqida ma’lumot berdi.
3 daqiqa o‘qiladi

Har bir inson yuz yoshga yetib, nevara va chevaralarining ulgʻayishini koʻrishni orzu qiladi. Ammo nafaqat uzoq umr koʻrish, balki keksalikni baxtli, sogʻlom, kuchga toʻla holda kutib olish muhimdir.
Qarilik alomatlari
Keksalikda inson organizmi hayot sifatini yomonlashtiradigan tabiiy oʻzgarishlarga duch keladi. Osteoporoz, hissiy funksiyalar (eshitish, koʻrish) pasayishining oldini olishga va turli jarohatlar ehtimolini tushirishga alohida e'tibor qaratish lozim.
Tavsiyalar
Sogʻlom qarish va uzoq umr koʻrish uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilish zarur.
Toʻgʻri ovqatlanish. Kuniga kamida 5 marta ovqatlaning. Ratsioningizdan achchiq, yogʻli, shoʻr ovqatlarni chiqarib tashlang. Shirinlik iste'molini minimal darajaga tushiring. Kuniga kamida 500 g meva va sabzavotlar yeng. Immunitet tizimini mustahkamlash uchun ratsioningizga kalsiyga boy boʻlgan sut mahsulotlari, ba'zi bargli sabzavotlar; osteoporozning oldini olish uchun magniy, fosfor va D vitamini boʻlgan; yurak-qon tomir tizimi va miya holatini normal holda saqlash uchun tarkibida toʻyinmagan yogʻlar, ayniqsa Omega-3 boʻlgan mahsulotlarni qoʻshing. Qaynatilgan yoki bugʻda pishirilgan taomlarni koʻproq iste'mol qiling. Yotishdan oldin ovqatlanmang.
Keksa yoshdagilar kamida yarim soat harakatda bo‘lishi lozim
Jismoniy faollik. Katta yoshlilar kuniga hech boʻlmaganda yarim soat harakatda boʻlishi kerak. Toza havoda piyoda sayr qilish, velosipedda yurish va suzish tananing koʻplab a'zolari va tizimlarini sogʻlom holatda saqlashga yordam beradi. Asosiysi, muntazam ravishda shugʻullanish kerak. Jismoniy faollik yurak-qon tomir tizimining holatini yaxshilaydi, suyaklarni mustahkamlaydi hamda ularga qon va kislorod yetkazib berishni ragʻbatlantirish orqali miya hujayralarini sogʻlom holda saqlaydi.
Kuniga kamida 8 soat uxlash va krossvordlar yechish kerak
Miyani ishlatuvchi mashgʻulotlarni bajarish. Mantiqiy masalalar, krossvordlarni yechish, kitob oʻqish va ulardagi voqealarni kimgadir hikoya qilib berish, yangi bilimlarga ega boʻlish tavsiya etiladi.
Rejimga rioya qilish. Doim bir vaqtda uygʻonish, badantarbiya qilish, ovqatlanish va uyquga yotishga harakat qiling. Kuniga kamida 8 soat uxlang.
Yaqinlar bilan doimiy muloqot va optimik dunyoqarash
Ijtimoiy faol boʻlish. Qarindoshlar, doʻstlar va yaqinlar bilan muloqot qilish, qiziqarli tadbirlar, koʻrgazmalar, teatrlarga borish sogʻlom uzoq umr koʻrishning muhim tarkibiy qismidir. Yolgʻizlik salomatlikka salbiy ta'sir koʻrsatishi mumkin.
Optimistik dunyoqarash. Hayotga ijobiy munosabat umr koʻrish davomiyligini oshiradi va stress darajasini pasaytiradi, salomatlikni saqlashga yordam beradi.
Yomon odatlardan vos kech va xobbi bilan shug‘ullanish
Xobbi. Bogʻdorchilik, kitob oʻqish, qoʻl mehnati bilan shugʻullanish yoki yoqimli musiqani tinglash kabi sevimli mashgʻulotlaringizga vaqt ajrating.
Yomon odatlardan voz kechish. Yurak, qon tomirlar va oʻpkaning eng jiddiy kasalliklari chekish bilan bogʻliq, spirtli ichimliklar esa barcha tizimlar va organlarga zarar keltiradi.
Salomatlikni doimiy tekshirib turish
Salomatlik holatini muntazam tekshirib turish. Vazn va bel aylanasi me'yoridan oshib ketmasligiga e'tiborli boʻling. Bel aylanasi erkaklar uchun 102 sm, ayollar uchun 88 sm dan ortmasligi kerak. Yuzaga kelishi mumkin boʻlgan kasalliklarni erta tashxislash uchun har yili shifokoringiz koʻrigidan oʻtib turing. Qon bosimi, xolesterin va qondagi shakar miqdorini kuzatib boring. Surunkali kasalliklaringiz boʻlsa, muntazam kerakli tekshiruv va davolanishdan oʻting. Koʻrish va eshitish bilan bogʻliq muammolarni oldini olish uchun quyoshning ultrabinafsha nurlanishidan oʻzingizni asrang va shovqinli joylarga bormang.
Sogʻlom uzoq umr koʻrish insonning o‘z harakatiga bog‘liq
Sogʻlom qarish nafaqat umr koʻrish davomiyligini, balki hayot sifatini — jismoniy, aqliy va hissiy salomatlikni ham oʻz ichiga oladi. Sogʻlom uzoq umr koʻrish koʻp jihatdan insonning oʻz harakatiga bogʻliq. Ha, bu oson ish emas va doimiy tarzda oʻz ustida ishlashni talab qiladi. Ammo keksalikkacha baxtli va oʻz hayotidan mamnun boʻlib yashash uchun arziydi.



