Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +21° kechasi +9°

Sug‘orilmagan daraxtlar ortidan 3 ta tuman hokimi jazolandi

Zoyir Mirzayev qarori bilan hokimlarga qo‘shib, hokim o‘rinbosarlariga ham tegishli choralar ko‘rilgan.

1 daqiqa o‘qiladi

Sug‘orilmagan daraxtlar ortidan 3 ta tuman hokimi jazolandi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning qarori bilan Yangiyo‘l tumani hokimi Odiljon Kasimovich Ataullayev, Chinoz tumani hokimi Sherzod Abduxakimovich Salixovlarga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Zangiota tumani hokimi Erkin Erkamovich Rustamov esa so‘nggi bor qat’iy ogohlantirilgan.

Hayfsanga nima sabab bo‘lgan?

Bunga Toshkent viloyatining Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlari hududidan o‘tuvchi M-39 “Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘li mintaqasida ekilgan mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini doimiy sug‘orish va parvarishlash bilan bog‘liq ishlar yetarlicha tashkillashtirilmaganligi sabab bo‘lgan.

Hokim o‘rinbosarlari ham ogohlantirish olgan

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi va o‘ziga yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganligi uchun Yangiyo‘l tumani hokimi o‘rinbosari Bahriddin Abdusatarovich Karimov hamda Chinoz tumani hokimi o‘rinbosari Tohir Gapurovich Tajibayev qat’iy ogohlantirilgan.

Yig‘ilishga puxta tayyorlanmagani uchun

Bundan tashqari, viloyatda boshqaruv servis kompaniyalarda debitor qarzdorliklarni qisqartirilishi yuzasidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan yig‘ilishga puxta tayyorgarlik ko‘rmaganligi hamda ijro intizomiga rioya qilmaganligi uchun viloyat hokimligi shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha kotibiyat mudiri Mansur Xudaykulovga nisbatan ham hayfsan berildi.