Nukusda harbiy xizmatchi 5 nafar fuqaroni pichoqladi
Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, qolgan 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonda FVVga qarashli harbiy qismda bir yillik xizmatni o‘tayotgan askar 5 nafar fuqaroni pichoqlagani aytilgan xabar keng tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lumot berdi, deb yozmoqda UzNews.
U mast holda bo‘lgan
Aniqlanishicha, joriy yilning 3-yanvar kuni Nukusda FVVga qarashli harbiy qismda bir yillik xizmatni o‘tayotgan askar harbiy qismdan chiqib ketib, mast holatda o‘tkir tig‘li jism bilan eshigi ochiq turgan xonadonga kirib uxlab yotgan 5 nafar fuqaroni sababsiz pichoqlagan va buning oqibatida jabrlanuvchilarning bir nafari vafot etgan.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan JKning 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi va 25, 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) 2-qismi “a, l” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2005-yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Jabrlanuvchilarning ahvoli qanday?
Jabrlanuvchilarning 1 nafari vafot etgan, qolgan 4 nafariga shifoxonada zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Nukus harbiy prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.



