$
 12980.89
11.33
 14722.93
-45.51
 158.67
1.58
weather
+26
Кечаси   +14°

“Mikrokreditbank” Germaniya bilan mehnat migratsiyasi yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi

Mkb memorandum

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mehnat migratsiyasi va professional mobillik sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uch tomonlama memorandum imzolandi. Ushbu hujjat “Mikrokreditbank” ATB, “International People IP GmbH and Co.KG” kompaniyasi va “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkilotlari o‘rtasida tuzilgan.

Tanlov va tayyorgarlik tizimi

Memorandumga ko‘ra, Germaniyada gastronomiya, logistika va go‘shtni qayta ishlash sohalarida faoliyat yurituvchi korxonalarda ishlash uchun malakali o‘zbekistonlik mutaxassislarni tanlab olish va ularni puxta tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda “Mikrokreditbank” tashabbuskor sifatida ishtirok etib, hamkor tashkilotlar bilan ishchi guruhlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Tanlov tizimi orqali nomzodlar til bilimlari, kasbiy malaka, sog‘lig‘i va boshqa mezonlar asosida saralanadi. Tanlangan fuqarolar esa maxsus tashkil etilgan kurslar orqali nemis tilini o‘rganadi, Germaniyada ishlash uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. Tayyorlov jarayoni Toshkentda faoliyat yuritayotgan “International People Education GmbH” markazi orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, nemis tomoni viza olish, yashash joyi bilan ta’minlash va ish joyiga moslashish bo‘yicha ham o‘zbekistonliklarga to‘liq ko‘mak berishini bildirgan.

Aprelda Germaniya delegatsiyasi kutilmoqda

Joriy yilning aprel oyida Germaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Tashrif davomida “Mikrokreditbank” ishtirokida amaliy hamkorlik rejasi ishlab chiqiladi, ishchi guruh shakllantirilib, tanlov va tayyorgarlik jarayonining aniq bosqichlari belgilanadi.

Mazkur memorandum O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, tartibli va xavfsiz ishchi migratsiyasini yo‘lga qo‘yish yo‘lida muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.