Saudiya Arabistoni ziyoratchilarga ogohlantirish bilan chiqdi
2023-yili havo harorati 48 darajaga ko‘tarilishi ortidan 2000 dan ortiq odam issiqlik stressidan aziyat chekkan.
1 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni ziyoratchilarni haj vaqtida havo harorati o‘rtacha 44 darajadan yuqori bo‘lishidan ogohlantirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Me’yordan 2 darajagacha issiq
“Bu yilgi haj ziyoratida iqlim Makka va Madinada o‘rtacha havo harorati me’yoridan 2 darajagacha oshishi kutilmoqda. Nisbiy namlik 25 foiz, yomg‘ir darajasi nolga yaqin, o‘rtacha maksimal harorat 44 daraja”, — deydi Saudiya Arabistonining Milliy meteorologiya markazi rahbari Ayman G‘ulom.
Choralar ko‘rilmoqda
Qirollik jazirama taʼsirini yumshatish choralarini ham ko‘rmoqda, jumladan, konditsionerli chodirlar va tumanlash tizimlari shular jumlasidandir.
Ayman G‘ulom “harorat ko‘tarilayotganda kunlik iste’molni qoplash uchun yetarli suvga ehtiyoj borligini” aytmoqda. Ziyoratchilarga mo‘ljallangan oziq-ovqatlar sifati buzilmasligi uchun ularni muzlatgichlarda tashish kerakligi ta’kidlangan.
Issiqlik stressidan aziyat
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, 2023-yili 1,8 million musulmon hajda qatnashgan, havo harorati 48 darajaga ko‘tarilishi ortidan 2000 dan ortiq odam issiqlik stressidan aziyat chekkan.
Issiqlik urishi, charchoq va toshmalarni o‘z ichiga olgan issiqlik stressi holatlarining haqiqiy soni, ehtimol, ancha yuqori bo‘lgan. Chunki ko‘plab jabrlanuvchilar shifoxona yoki klinikalarga yotqizilmagan. Saudiya Arabistoni qurbonlar haqida statistik ma‘lumot bermagan.



