$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

Milliy gvardiya xodimlari fuqarolar bilan muloqotda o‘zini tanishtirishi shart bo‘ladi

Milliy gvardiya

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga doir qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu tashabbus Milliy gvardiya faoliyatini tartibga soluvchi me’yorlarni yanada takomillashtirish va fuqarolar bilan muloqotni oshkoralik asosida tashkil etishni maqsad qilgan.

Milliy gvardiyaning huquqiy asoslari

Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupovning eslatishicha, Milliy gvardiya 2017-yil 4-avgustda tashkil etilgan bo‘lib, 2020-yil 18-noyabrda qabul qilingan “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonun uning maqomini belgilab bergan. O‘tgan yillar davomida Milliy gvardiya faoliyatini tartibga soluvchi 17 ta qonun, 50 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilinib, tuzilma faoliyatiga yangi vazifa va funksiyalar yuklatilgan.

Yangi qonun loyihasi nimani ko‘zda tutadi?

Qonun loyihasi “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasida Milliy gvardiya vazifalarini tizimlashtiradi va ularga yana bir yangi vazifani qo‘shadi. Muhim o‘zgarishlardan biri fuqarolar bilan muloqot jarayonini aniq tartibga solishdir. Amaldagi qonunchilikda Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarayotganda o‘zini tanishtirishi yoki fuqarolarning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi shartligi bo‘yicha talab mavjud emas edi.

Yangi qonun loyihasi ushbu bo‘shliqni to‘ldirib, Konstitutsiyaning yangi tahriri talablaridan kelib chiqib, “Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ularni hurmat qilish prinsipi” deb nomlangan 6-moddaga quyidagi o‘zgarishlarni kiritmoqda:

 • Milliy gvardiya xodimi fuqaroga murojaat qilganda yoki fuqaro unga murojaat qilganda o‘zini tanishtirishi shart;

 • Fuqarolarga ularning huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi kerak.

Ahamiyati

Loyihada taklif etilayotgan o‘zgartirishlar Milliy gvardiyaning fuqarolar bilan o‘zaro muloqotini aniq tartibga solish va uning faoliyatini yanada oshkoralik bilan tashkil etishga xizmat qiladi. Shuningdek, ushbu qonun loyihasi prezident Davlat xavfsizlik xizmati, Oliy sud, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralar bilan kelishilgan holda ishlab chiqilgan.

Milliy gvardiya vakolatlari kengaytirilgan

2023-yil may oyida prezident Milliy gvardiya xodimlarining vakolatlarini kengaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, ularga jamoat joylarida spirtli ichimliklarni iste’mol qilganlik, voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlik va boshqa holatlar uchun jarima solish huquqi berilgan. Shuningdek, ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ayrim moddalariga oid bayonnomalarni rasmiylashtirish huquqiga ega bo‘lgan.

Теги :
Jamiyat