Toshkentda “gulchi” qizni bo‘g‘gan zo‘ravonga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanida erkak gul do‘konidagi sotuvchi qizni bo‘g‘ib, so‘ngra uni tinchlantirishga harakat qilgan yana ikki yigitni urgani aks etgan video tarqaldi.
1 daqiqa o‘qiladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanida erkak gul do‘konidagi sotuvchi qizni bo‘g‘ib, so‘ngra uni tinchlantirishga harakat qilgan yana ikki yigitni urgani aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirildi.
3 kishiga kuch ishlatgan zo‘ravon
Tasvirda erkak gul do‘koniga kirib, 21 yoshli qizga hujum qilgani va uning bo‘ynidan bo‘g‘a boshlaganini ko‘rish mumkin. So‘ngra u tashqariga chiqib, uni tinchlantirmoqchi bo‘lgan bir yigitni tepkilay boshlagan, boshqasiga esa musht tushirgan.
Erkak avval ham sudlangan
Poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi voqea 23-iyun kuni taxminan soat 19:30 atrofida sodir bo‘lgani va hujum qilgan shaxs muqaddam Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan sudlangan 40 yoshli X.A. ekanini ma’lum qildi.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Birlamchi tibbiy ma’lumotga ko‘ra, jabrlanuvchilarga yengil tan jarohati yetkazilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Bezorilik harakatini oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari
“Tergov harakatlari davom etmoqda. Yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi”, - deyiladi xabarda.
Boshqarma ushbu shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rgan fuqarolardan yaqin oradagi IIBga yoki 102 raqamiga xabar berishlarini so‘radi.



