$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Tirik afsonaning "ertagi" nihoyasiga yetdi

Oksana Chusovitina

Bugun Toshkent shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar o‘rtasida litsenzion musobaqa start oladi. Ushbu musobaqada afsonaviy Oksana Chusovitina ham ishtirok etishi kutilgandi. Biroq, u mashg‘ulotlarda jarohat olgan va bugun boshlanadigan musobaqani o‘tkazib yuborishini ma’lum qildi. "Afsusdaman, chunki musobaqaga juda katta tayyorgarlik ko‘rgandim, katta kuch bilan qaytgandim", dedi Chusovitina murojaatida.

Sportchi jarohatlangan

Sport gimnastikasi bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi yetakchisi Oksana Chusovitina ikki oydan keyin Parijda boshlanadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok eta olmaydi. U saralash o‘yinlari oldidan jarohat olgan. 48 yoshli sportchi bu haqda 23-may kuni Instagram’dagi sahifasida ma’lum qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sport gimnastikasi bo‘yicha Osiyo chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi mashqlar chog‘ida u jarohat orttirib olgan. Ahamiyatlisi, 24–26-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan chempionat olimpiada uchun saralash vazifasini ham bajaradi.

"Endi bu musobaqada qatnasholmayman"

"Qadrli muxlislarim, gimnastika ishqibozlari. Sizlarga qayg‘uli xabarim bor. Kecha gimnastika bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Osiyo chempionati – Olimpiya o‘yinlariga saralash musobaqasi oldidan mashg‘ulotlarda jarohat oldim. Endi bu musobaqada qatnasholmayman. Afsusdaman, chunki musobaqaga juda katta tayyorgarlik ko‘rgandim. Katta kuch bilan qaytgandim. O‘z yurtimda muxlislar, jamoatchilik qarshisida musobaqada qatnashishni istagandim. Lekin siz mening ishtirokimni ko‘rmaysiz", – deya vaziyatni izohlaydi Chusovitina.

So‘nggi imkon

Sportchi barchaga minnatdorchilik bildirib, muxlislarni o‘zbekistonlik sportchi qizlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Oksana Chusovitina avvalroq Bokuda bo‘lib o‘tgan Jahon Kubogi bosqichida tayanib sakrash bo‘yicha saralash musobaqasida muvaffaqiyatsiz qatnashib, 23-o‘rinni egallagandi. Oqibatda, uning oldida Parij yo‘llanmasini olish uchun yagona yo‘l qolgandi. U ham bo‘lsa, bugun start oluvchi Osiyo chempionatida ko‘pkurash musobaqasida birinchi o‘rinni egallash. Ammo Chusovitina so‘nggi yillarda ko‘pkurash bahslarida deyarli ishtirok etmagan.

Ma’lumot uchun: Oksana Chusovitina – gimnastika tarixida 8 marta olimpiadada qatnashgan yagona sportchi hisoblanadi. U 1992-yildan hozirga qadar bo‘lib o‘tgan barcha Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib kelayotgandi. Chusovitina faoliyati davomida olimpiada chempioni (1992-yil, jamoaviy bahslarda), uch karra jahon chempioni, Yevropa chempioni va Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan.