Ayollar va erkaklarga teng haq toʻlanishini ta'minlash 700 ming kishini kambag‘allikdan chiqaradi
O‘zbekistonda xizmat uchun haq toʻlashda sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud bo‘lib, ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Oʻzbekistonda yosh xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni tashkil etadi, bu yosh erkaklar oʻrtasidagi 10 foizlik koʻrsatkichdan koʻproq.
“Oʻzbekistonda gender tengligi tahlili” hisoboti
Oʻzbekistonda ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta'minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi. Bu haqda Britaniya hukumati moliyaviy koʻmagida Jahon banki tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekistonda gender tengligi tahlili” hisobotida aytildi.
O‘zbekistondagi gender tengligi masalasi
Ushbu hisobot turli sohalardagi, jumladan, ayollarning ta'lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy faoliyatdan foydalanish imkoniyati, ularni zoʻravonlikdan himoya qilish, nikoh va ajralishlar bilan bog‘liq vaziyat, shuningdek, ayollarning mamlakat ijtimoiy hayotidagi ishtiroki kabi vaziyatni tahlil qilish orqali Oʻzbekistonda gender tengligi masalalarini oʻrganadi.
Yosh xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 15,5 %
Oʻzbekistonda yosh xotin-qizlar oʻrtasida ishsizlik darajasi 15,5 foizni tashkil etadi, bu yosh erkaklar oʻrtasidagi 10 foizlik koʻrsatkichdan koʻproq. Ta'lim, ish yoki professional tayyorlovda boʻlmagan yosh ayollar ulushi 42 foizni tashkil qiladi, erkaklarda esa bu koʻrsatkich 8,8 foiz atrofida.
Ayollar erkaklarga qaraganda 34 % kam maosh oladi
Xizmat uchun haq toʻlashda ham sezilarli darajada gender tengsizligi mavjud, ayollar erkaklarga qaraganda 34 foiz kamroq maosh oladi. Bu 20 foiz boʻlgan global oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori.
700 mingdan ortiq odam kambag‘allikdan chiqadi
Hisobotda ayollar oʻrtasida ish haqi va bandlikning pastligi Oʻzbekistonda iqtisodiy oʻsishga salbiy ta'sir koʻrsatayotgani va kambag‘allikni kuchaytirayotgani aytildi. Agar xotin-qizlar iqtisodiy faoliyatda erkaklar bilan birdek ishtirok etsa, Oʻzbekistonda milliy daromad 29 foizga oshadi. Ayollarning erkaklar bilan bir xil darajada maosh olishini ta'minlash 700 mingdan ortiq odamni kambag‘allikdan chiqarishga yordam beradi.
Gender tengsizlikni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar
Hisobot tavsiyalari orasida Oʻzbekiston hukumati mamlakat oʻz iqtisodiy salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishi uchun gender tengsizlikni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni davom ettirishi zarurligi qayd etilgan.
Global Gender rivojlanish indeksida O‘zbekiston
Ma’lumot uchun 2022-yilda Sog'liqni saqlash, bilim va turmush darajasi bo‘yicha inson taraqqiyoti yutuqlaridagi kamchiliklarni o‘lchaydigan Global Gender rivojlanish indeksida O‘zbekiston 106 mamlakatdan 189-o‘rinni egalladi.



