Ko‘p xonadonli uylardagi qozonxonalarda gaz narxi 4 barobargacha arzonlashdi
Raqobat qo‘mitasi takliflari asosida endilikda tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar 650 so‘mdan hisoblanadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlaridagi lokal qozonxonalarga issiqlik energiyasi yetkazib berish uchun tabiiy gaz tariflari pasaytirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Tegishli qaror mazmuni
2024-yil 31-maydagi Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandiga asosan, maishiy iste’molchini gaz bilan ta’minlash uchun tabiiy gazdan foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondiga, yuridik shaxslar yotoqxonalariga, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga hamda aholi ehtiyojlari uchun lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar kommunal-maishiy iste’molchilar uchun belgilangan tariflar va shartlar asosida amalga oshirilishi qayd etilgan.
4 barobargacha qimmat boʻlib ketgan
Mazkur talab asosida aholi ehtiyojlari uchun issiqlik energiyasi yetkazib berishda lokal qozonxonalarda me’yordan ortiq tabiiy gaz iste’mol qilingan bo‘lib, to‘lovlar va hisob-kitoblar 4 barobargacha qimmat tariflarda hisoblanib kelingan. Buning oqibatida aholi lokal qozonxonalar orqali issiqlik energiyasidan foydalanishda qimmat narxlarda to‘lov qilishga majbur bo‘lgan.
Qoʻmita sa’y-harakatlari natijasida
Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida hukumatga Raqobat qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda takliflar kiritilgan va Vazirlar Mahkamasining 319-sonli qarori bilan tasdiqlangan tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 111-bandi o‘zgartirilgan.
“Lokal qozonxonalarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovlar va hisob-kitoblar maishiy iste’molchilar uchun bazaviy me’yor bo‘yicha belgilangan tarif asosida (ya’ni amalda 650 so‘m) amalga oshirilishi qayd etildi”, deyiladi Raqobat qo‘mitasi xabarida.



