“Hududgazta’minot”: Havo sovishi sababli gaz ta’minotida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi
Bayonotda keltirilishicha, aholi va ijtimoiy obyektlarni gaz bilan ta’minlash maqsadida ba’zi ulgurji iste’molchilarga, jumladan, issiqxonalarga cheklovlar kiritilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Havo haroratining keskin pasayishi sababli ayrim hududlarda tabiiy gaz bosimi pasayib, gaz ta’minotida vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi. “Hududgazta’minot” AJ mazkur vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ayrim hududlarda gaz bosimi pasayishi kuzatilmoqda
Aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Shu sabab ayrim ulgurji iste’molchilar, jumladan, issiqxona xo‘jaliklariga gaz yetkazib berishda vaqtinchalik cheklovlar kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi qaroriga muvofiq, issiqxonalarga gaz uzilishi yoki bosim tushishi oldidan kamida 24 soat avval xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Cheklovlar faqat sovuq kunlarga xos
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan, issiqxonalarda zaxira yoqilg‘i turlarini saqlash majburiyati belgilangan. Havo harorati keskin pasayib ketgan paytlarda cheklovlar vaqtinchalik qo‘llaniladi va quvurlardagi gaz bosimi tiklangach, darhol bekor qilinadi.
Havo harorati keskin pasaygan paytlarda joriy etilgan chegaralashlar quvurlardagi gaz bosimi barqarorlashgandan so‘ng bekor qilinishini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.
Avvalroq issiqxonalarga gaz yetkazib berishda cheklovlar davom etayotgani haqida xabar berilgandi.



