$
 12033.28
64.69
 14060.89
40.88
 149.30
1.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Ofisdan qochganlar yo‘li: Frilanserlikda nimaga tayyor bo‘lish kerak?

frilanser

Bugun ko‘plab yoshlar frilanserlikni zamonaviy va erkin hayot tarzidek tasavvur qiladi. Ofisga bog‘lanmasdan ishlash, o‘z vaqtini o‘zi belgilash va qilgan mehnatiga qarab daromad olish har kimni qiziqtirishi tabiiy. Ijtimoiy tarmoqlarda frilanserlik faqat qulaylik va erkinlikdan iboratdek ko‘rinadi, ammo bu yo‘lning ko‘zga ko‘rinmaydigan tomonlari ham bor. 

Xo‘sh, frilanserlik erkin hayotning kalitimi yoki beqaror va xavfli ishmi?

Frilanserlik nima?

Frilanserlik ertalabdan kechgacha ofisda o‘tirishni talab qilmagani bois ko‘pchilik insonlar shunday ishlashni orzu qiladi. Frilanser bo‘lgan odam o‘ziga o‘zi xo‘jayin bo‘ladi va qayerda ishlashni o‘zi tanlaydi, xoh uyda bo‘lsin, xoh dunyoning istalgan nuqtasida. Bu turmush tarzi vaqtni erkin boshqarish, daromadni nazorat qilish va ish bilan shaxsiy hayot o‘rtasida muvozanatni saqlash imkonini beradi.

Biroq frilanserlik faqat qulayliklardan iborat emas. Bu yo‘lda xavf, stress va tinimsiz harakat ham bo‘ladi. Doimiy ish joyi bo‘lmagani uchun barqaror daromad kafolatlanmaydi va har doim yangi buyurtmalar izlashga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun frilanserlikni tanlashdan oldin uning ijobiy va salbiy tomonlarini yaxshilab o‘ylab ko‘rish, bu hayot tarzi sizning fe’lingizga mos keladimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlab olish muhim.

Frilanserlikning afzalliklari

Frilanserlikning eng katta yutug‘i — bu erkinlik. Bu ishda inson o‘z vaqtini o‘zi boshqaradi, qachon ishlashni va qachon dam olishni o‘zi belgilaydi. Kim bilan ishlash, qaysi mijozni tanlash va qayerda ish qilish ham frilanserning o‘z qo‘lida bo‘ladi. Uyda tinch muhitda ishlash ham mumkin, kafeda o‘tirib ham, hattoki boshqa davlatda bo‘lsangiz ham ishni davom ettirsa bo‘ladi. Eng yoqimli tomoni esa tirbandlik yo‘q, maxsus kiyinish shart emas va majburiy jamoaviy yig‘ilishlar bo‘lmaydi.

Bu moslashuvchanlik ko‘pchilikning hayotini ancha yengillashtiradi. Masalan, kimdir ertalab samaraliroq ishlaydi, kimdir esa kechqurun. Frilanserlik esa ish kunini aynan o‘sha qulay paytlarga moslab tuzish imkonini beradi. Avvallari ofisda butun kun o‘tirib, eng samarasiz soatlarni majburan o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, endi bunga hojat qolmaydi.

Albatta, bunday erkinlik bilan birga mas’uliyat ham keladi. Hech kim sizni nazorat qilmaydi, ishni qachon va qanday bajarishni o‘zingiz rejalashtirishingiz kerak bo‘ladi. Ammo agar o‘zingizga tartib o‘rnata olsangiz, frilanserlik sizga nafaqat qulay ish kuni, balki o‘zingiz xohlagan hayot tarzini yaratib berishi mumkin.

Ijod va kasbni boshqarish

Frilanserlikning yaxshi tomonlaridan biri inson o‘z ishini o‘zi qiziqqan yo‘nalishda olib borishi mumkin. Qaysi loyihani olish, qanday xizmat ko‘rsatish va o‘zini qanday mutaxassis sifatida tanitishni frilanserning o‘zi hal qiladi. Vaqt o‘tib, o‘ziga mos yo‘nalishni topib, shu sohada yanada rivojlanish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Oddiy ish joyida esa vazifalar oldindan belgilangan bo‘ladi va sizga berilgan ish sizga yoqadimi-yo‘qmi, baribir bajarishingiz kerak bo‘ladi. Frilanser bo‘lganingizda esa qaysi ish bilan tanilishni xohlayotganingizni o‘zingiz tanlaysiz. O‘zingiz yaxshi biladigan ishga ko‘proq e’tibor qaratishingiz, yangi xizmatlarni sinab ko‘rishingiz yoki asta-sekin aniq bir sohada mutaxassis bo‘lib borishingiz mumkin.

Frilanserlik insonni tez o‘rganishga majbur qiladi. Chunki bu yerda nafaqat ishni bajarish, balki narx belgilash, mijozlar bilan gaplashish, xizmat ko‘rsatish va o‘zingizni targ‘ib qilishni ham o‘rganasiz. Ko‘p narsani amalda qilib, tajriba orttirasiz.

Albatta, hamma loyiha ham yoqimli bo‘lavermaydi. Ba’zan faqat daromad uchun yoqmaydigan ishlarni ham olishga to‘g‘ri keladi. Lekin baribir bu qarorni o‘zingiz qabul qilasiz va aynan shu mustaqillik frilanserlikni boshqalardan ajratib turadi.

Ko‘proq daromad topish imkoniyati

Frilanserlikning yaxshi tomoni bu ish orqali odatiy ishlarga qaraganda ko‘proq daromad topish mumkin. Bu yerda maoshni cheklab qo‘yadigan rahbar ham, qat’iy oylik tizimi ham yo‘q. Qancha pul topishingiz o‘zingiz qo‘ygan narxga, qilgan ishingiz sifatiga va mijozlar bilan kelishuvga bog‘liq bo‘ladi.

Albatta, frilanserlikni boshlagan zahoti katta daromad kelib tushmaydi. Buning uchun o‘z qadringizni bilish, xizmatlaringizni to‘g‘ri baholash va o‘zingizni doimiy ravishda tanitib borish kerak bo‘ladi. Daromad ham sizning vaqtingizni qanday boshqarishingizga, qancha ish olayotganingizga va mijozlar bilan ishlashni qay darajada yo‘lga qo‘yganingizga bog‘liq bo‘ladi.

Eng yaxshi jihati tajriba va malaka oshgani sari narxlarni ham ko‘tarish mumkin. Oddiy ishda bo‘lgani kabi maosh oshishini kutib o‘tirishga hojat yo‘q, chunki bu yerda o‘sish o‘z qo‘lingizda bo‘ladi. Shu sababli frilanserlik ko‘p mehnat qilgan odam uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Soliq imtiyozlari va chegirmalar

Ko‘pchilik soliqlar haqida gapirishni yoqtirmaydi, lekin frilanser bo‘lsangiz, bu masala bilan o‘zingiz shug‘ullanishingizga to‘g‘ri keladi. Chunki sizda ish beruvchi bo‘lmaydi va soliq maoshingizdan avtomatik ushlab qolinmaydi. Qaysi davlatda yashashingizga qarab soliq qoidalari ham turlicha bo‘ladi va ba’zi joylarda frilanserlar qo‘shimcha soliqlarni ham to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Biroq frilanserlikda soliqlar faqat muammo emas, balki ma’lum foyda ham keltirishi mumkin. Gap soliq chegirmalari haqida ketmoqda. Chegirmalar orqali soliq solinadigan daromad kamayadi va natijada kamroq soliq to‘laysiz. Masalan, ish uchun foydalanadigan dasturlar, kompyuter yoki boshqa texnika, internet va hatto kommunal to‘lovlarning bir qismini soliqdan chiqarib tashlash mumkin.

Agar uyingizda faqat ish uchun foydalaniladigan joy bo‘lsa, uy-ofis uchun ham soliq imtiyozi olish imkoniyati mavjud. Albatta, buning uchun barcha hujjatlarni tartibli saqlash va hisob-kitobni to‘g‘ri yuritish kerak bo‘ladi. Soliqlar bilan shug‘ullanish yoqimli bo‘lmasligi mumkin, lekin to‘g‘ri yondashuv bilan bu jarayonni o‘zingiz foydangizga ishlatish mumkin.

Frilanserlikning kamchiliklari

Frilanserlikning kamchiliklaridan biri unda daromad har doim bir xil bo‘lavermaydi. Ba’zi paytlar ishlar juda ko‘payib ketadi va muddatlarga zo‘rg‘a ulguriladi, boshqa paytlar esa ish kamayib, yangi buyurtma kelishini kutib o‘tirishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli frilanserlar ko‘pincha pul masalasida ham, ish masalasida ham aniq rejasiz qolib ketishi mumkin.

Hatto doimiy mijoz bo‘lsa ham, pulni vaqtida olish har doim ham kafolatlanmaydi. Ba’zan kelishilgan muddat cho‘zilib ketadi yoki mijoz javob bermay qo‘yadi. Bu holat insonda xavotir uyg‘otadi va kelajak haqida o‘ylashga majbur qiladi.

Shunga qaramay, frilanserlikdan voz kechish shart emas. Vaqt o‘tib, inson bu holatlarga ko‘nikadi va o‘zini himoyalashni o‘rganadi. Ish ko‘p bo‘lgan paytda pulni tejab qo‘yish, favqulodda vaziyatlar uchun zaxira jamg‘arma yaratish va ishonchsiz mijozlarni oldindan bilib olish katta yordam beradi. Agar ish kutilmaganda kamayib ketsa, vaqtincha boshqa platformalarda ish topib, keyingi imkoniyatlarni izlash ham mumkin.

Tayyor imtiyozlar va pullik ta’til yo‘qligi

Frilanser bo‘lib ishlaganda tayyor imtiyozlar bo‘lmaydi. Ya’ni ta’tilga chiqish yoki kasal bo‘lib qolish pullik emas, chunki siz uchun bularni rasmiylashtirib beradigan ish beruvchi yo‘q. Dam olishga chiqsangiz ham, kasal bo‘lsangiz ham daromad to‘xtaydi.

Bundan tashqari, sog‘liq sug‘urtasi, pensiya jamg‘armasi va boshqa qulayliklarni ham o‘zingiz o‘ylab topishingiz kerak bo‘ladi.

Bu holat dastlab qiyin tuyulishi mumkin, lekin bunga moslashsa bo‘ladi. Ko‘pchilik frilanserlar dam olish kunlarini oldindan rejalashtirib, xizmat narxiga qo‘shib hisoblaydi. Ba’zilar loyihalar orasida qisqa tanaffus qilib, kuchini tiklab oladi, boshqalar esa sog‘liq va ta’til uchun alohida pul yig‘ib boradi. Oldindan reja bilan yondashilsa, frilanserlikdagi bu kamchilikni ham bemalol nazorat qilish mumkin.

Siz bir kishilik biznes egasisiz

Frilanser bo‘lib ishlash faqat topshiriqni bajarish bilan tugamaydi. Aslida siz bir kishilik butun bir biznes bo‘lasiz. Ishni rejalashtirish ham, mijoz topish ham, ular bilan gaplashish va pul masalasini hal qilish ham o‘zingizga to‘g‘ri keladi. Kimdir uchun bu mustaqillik yoqimli va ilhomlantiruvchi bo‘lsa, boshqalar uchun biroz og‘ir va charchatadigan bo‘lishi mumkin.

Yaxshi tomoni shundaki, hamma ishni yolg‘iz va boshidan oxirigacha o‘zingiz qilish shart emas. Bugun ishni yengillashtiradigan ko‘plab vositalar bor. Shartnoma uchun tayyor namunalar, soliq vaqtida yordam beradigan mutaxassislar, hisob-kitobni tartibga soladigan dasturlar va ishlarni nazoratda ushlab turadigan reja vositalari frilanserlarga katta yordam beradi. Shu vositalardan to‘g‘ri foydalansangiz, frilanserlikni ortiqcha tashvishsiz, haqiqiy biznesdek yuritish mumkin.

Mijoz topish ham mehnat talab qiladi

Frilanserlikda mijoz topish oson ish emas va bu jarayon doimiy mehnat talab qiladi. Ba’zan omad bilan bitta loyiha chiqib qoladi, lekin bu uzoqqa yetmaydi, shuning uchun har doim yangi ishlar kelib turishi kerak bo‘ladi. Buning uchun o‘zingizni tanitish, odamlar bilan aloqa qilish, xatlar yozish, portfolioni yangilash va turli platformalardagi profilingizni tartibga keltirib turishga to‘g‘ri keladi. Ayrim paytlarda ishni olishga ketgan vaqtning o‘zi ishni bajarishdan ham ko‘proq bo‘lib ketadi.

Bu jarayon har doim ham yoqimli emas, lekin sabr qilsangiz, natijasi bo‘ladi. Vaqt o‘tib, siz haqingizda yaxshi gaplar tarqala boshlaydi va tavsiyalar orqali mijozlar o‘zi keladi. Shunda sizga mos bo‘lmagan mijozlarga yo‘q deyish imkoniyati ham paydo bo‘ladi. Dastlab qiyin bo‘lishi mumkin, ammo tajriba va harakat bilan mijoz topish ancha osonlashadi.

Yolg‘izlik hissi paydo bo‘lishi mumkin

Frilanser bo‘lib ishlaganda ba’zan yolg‘izlik sezilishi mumkin. Kimdir uchun bu tinchlik va qulaylik bo‘lsa, boshqalar uchun esa zerikarli va og‘ir holatga aylanadi. Chunki yoningizda doim gaplashib turadigan hamkasblar, fikr almashadigan jamoa yoki ish tugagach birga vaqt o‘tkazadigan odamlar bo‘lmaydi. Ko‘pincha siz yolg‘iz o‘zingiz ishlar bilan band bo‘lasiz va atrof jim bo‘ladi.

Ba’zi odamlar yolg‘iz ishlashni yoqtiradi, lekin baribir boshqalar bilan aloqada bo‘lish hammaga kerak. Bugungi kunda buning yo‘llari ko‘p. Hamfikrlar bilan uchrashuvlar, kovorking joylari, onlayn guruhlar va turli professional hamjamiyatlar yolg‘izlikni kamaytiradi va hatto ishni yanada yaxshiroq qilishga yordam beradi. Shuningdek, ruhiy charchab qolmaslik uchun murabbiy, mentor yoki psixolog bilan suhbatlashib turish ham foydali bo‘lishi mumkin.

Frilanserlik sizga mos keladimi?

Agar siz hozirgi doimiy ishingizni tashlab, frilanserlikka o‘tishni o‘ylayotgan bo‘lsangiz, bu yo‘l sizga mos keladimi yoki yo‘qmi, oldindan aniq bilish qiyin. Lekin o‘zingizni tushunishga yordam beradigan ayrim belgilar bor. Masalan, agar siz o‘zingizni o‘zingiz rag‘batlantira olsangiz, yolg‘iz ishlashdan cho‘chimay, mas’uliyatni o‘z zimmangizga ola bilsangiz, frilanserlik sizga to‘g‘ri kelishi mumkin. Ba’zi xavflarga tayyor bo‘lish, har xil rollarni bajarish va o‘z bilimingizni sotishdan uyalmaslik ham bu yo‘lda muhim hisoblanadi.

Boshqa tomondan, agar sizga aniq ish tartibi, doimiy nazorat va tez-tez fikr bildirilishi kerak bo‘lsa, frilanserlik qiyin tuyulishi mumkin. Muzokaralar, kelishuvlar, hujjatlar, hisob-kitob va soliqlar bilan shug‘ullanishni yoqtirmaydiganlar ham bu yo‘lda tez charchab qolishi mumkin.

Shuningdek, ish tugagach butunlay dam olib, ertasi kungacha ish haqida o‘ylamaslikni xohlaydiganlar uchun ham frilanserlik har doim ham qulay emas.

Umuman olganda, frilanserlik faqat ish masalasi emas, balki insonning xarakteriga ham bog‘liq. Mijozlarning ehtiyojini tushunishga qiziqish, munosabatlarni uzoq muddatli qurishni bilish, o‘z vaqtini qadrlash va chegaralarni to‘g‘ri belgilash bu yo‘lda juda muhim. Bundan tashqari, ba’zan yetarli ma’lumot bo‘lmasa ham qaror qabul qilishga va vaziyat o‘zgarganda tez moslashishga tayyor bo‘lish frilanserlikda katta yordam beradi.

Теги :
Jamiyat