Eldor Shomurodovga yangi chaqiriqlar bo‘lmoqda
Corriere dello Sport ma’lumotlariga ko‘ra, “Lechche" tajribali hujumchini ijaraga olish niyatida, ammo bunda “Roma" uning maoshining bir qismini to‘lashi kerak bo‘ladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Avvalroq faoliyatini Amerika Qo‘shma Shtatlarining futbol bo‘yicha oliy ligasi MLSda davom ettirishi mumkinligi aytilayotgan O‘zbekiston terma jamoasi sardoriga navbatdagi Yevropa klubidan qiziqish bo‘lmoqda. Biroq “Roma" hozircha Eldor Shomurodovning kelajagi borasida bir qarorga kelmagan.
“Shoma"ning kelajagi “Roma" qo‘lida
“Kalyari"da ijarada o‘ynab qaytgan o‘zbekistonlik hujumchi darhol “Roma" tomonidan transferga qo‘yilgan va klub uni sotish niyatida edi. Biroq Rim klubini qoniqtiradigan aniq takliflar kelib tushmadi va "Atlanta Yunayted" bilan muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakun topdi. Corriere dello Sport ma’lumotlariga ko‘ra, “Lechche" tajribali hujumchini ijaraga olmoqchi bo‘ldi, biroq bunda "Roma" uning maoshining bir qismini to‘lashi kerak bo‘lardi. Qayd etilishicha, “Roma" Shomurodov ketsa, transfer muddati tugashiga sanoqli kunlar qolganida yana bir hujumchi bilan shartnoma imzolashi kerak bo‘ladi. “La Gazzetta dello Sport" nashrining xabar berishicha, Temmi Abraxam “Vest Xem"ga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda Shomurodov Dovbikning o‘rinbosari sifatida qolishi ehtimoli katta.
Bugunga qadar bo'lgan takliflar
Transfer huquqi “Roma”ga tegishli bo‘lgan 28 yoshli forvard mavsumni ijara asosida “Kalyari”da o‘tkazdi. Sardiniya va Rim klublarining o‘zaro kelishuviga ko‘ra, “Kalyari”da Eldor Shomurodov transferini yana 9 million yevro to‘lab to‘liq sotib olish huquqi bor edi, ammo klub bunday imkoniyatga ega emas. Hujumchi orol jamoasida chuqur iz qoldira olmadi, 24 uchrashuvda uchtadan gol va assist qayd etdi. Avvalroq futbolchimizga A seriyaning boshqa jamoasi qiziqayotganligi ma’lum bo‘lgandi. La Gazette della Sport xabariga ko‘ra, "Verona" klubi "Roma" va O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodovni vaqtinchalik ijaraga olish muzokaralar olib bormoqda. O‘z navbatida "Roma" ham keyingi transfer investitsiyalari uchun yaxshi foyda keltiradigan futbolchilar savdosiga muhtoj. Yana bir nashr, Romapress xabarida esa Shomurodov yana "Roma"ni vaqtincha tark etishi mumkinligi hamda hech bir jamoa uni doimiy ravishda qo‘lga kiritishni istamayotgani qayd etiladi.



