$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyoda oziq-ovqat narxlari eng yuqori darajaga ko‘tarildi

2026-yilning avgust oyida dunyo boʻyicha oziq-ovqat narxlari 2022-yil oxiridan beridagi eng yuqori koʻrsatkichga chiqdi. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) maʼlum qildi.

Iyul oyidagi qayta koʻrib chiqilgan 130,8 punktlik koʻrsatkichdan soʻng, FAOning oziq-ovqat narxlari indeksi avgustda oʻrtacha 133,3 punktni tashkil etdi. Ushbu koʻrsatkich 2022-yil mart oyidagi mutlaq rekorddan qariyb 17 foizga past boʻlsada, noyabr oyidan buyon eng yuqori darajaga yetdi.

Deyarli barcha asosiy mahsulotlar qimmatlashdi

Avgust oyida gʻalla, oʻsimlik yogʻi, shakar, goʻsht va sut mahsulotlari narxida oʻsish kuzatildi.

Gʻalla narxlari indeksi 2,2 foizga oshib, 2024-yil may oyidan beridagi eng yuqori darajaga yetdi. Oʻsimlik yogʻi 0,6 foizga qimmatlashib, 2022-yil iyunidan buyon eng yuqori koʻrsatkichni qayd etdi. Shakar narxi esa birdaniga 11,9 foizga sakrab, 2025-yil iyunidan beridagi maksiumumga chiqdi.

Yevropani issiq va qurgʻoqchilik qamrab oldi

FAO taʼkidlashicha, Yevropada kuzatilayotgan anomal ob-havo makkajoʻxori va shakar lavlagi hosili prognozlariga, shuningdek, chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Osiyoda esa "El-Ninyo" hodisasining kutilayotgan kuchayishi qoʻshimcha xavf tugʻdirmoqda, bu oʻz navbatida palma yogʻi hamda shakar ishlab chiqarishga zarba berishi mumkin.

Mojarolar mahsulot yetkazib berishga xalaqit bermoqda

Qora dengiz mintaqasida hujumlarning shiddatlashishi Rossiya va Ukrainadan gʻalla eksportining qisqarishiga olib keldi.

AQSH va Eron oʻrtasidagi nizo esa, oʻz navbatida, qishloq xoʻjaligi uchun zarur boʻlgan oʻgʻitlar yetkazib berish zanjiriga bosimni oshirdi.

Jahongʻalla hosili boʻyicha taxminlar yomonlashdi

FAO 2026-yilda dunyo boʻyicha gʻalla yetishtirish hajmi proqnozini iyul oyidagi baholashga nisbatan 3,4 mln tonnaga kamaytirib, 2,98 mlrd tonna darajasida belgiladi.

Bu 2025-yilgiga qaraganda taxminan 2 foizga kam degani. Agar ushbu taxmin oʻzini oqlasa, yillik pasayish koʻrsatkichi 2018-yildan beridagi eng keskini boʻladi. Shunga qaramay, umumiy ishlab chiqarish hajmi tarixda ikkinchi eng yuqori natija boʻlib qoladi.

Zahiralar ham qisqarishi mumkin

FAO prognozlariga koʻra, 2026/2027-yillar mavsumi oxiriga kelib dunyo gʻalla zahiralari 947,2 mln tonnani tashkil etadi. Bu avvalgi prognozdan 1,1 foizga kam demakdir, lekin koʻrsatkich baribir oʻtgan mavsum darajasidan biroz yuqoriligicha qolmoqda.

El-Nino oziq-ovqat inqirozini chuqurlashtirishi mumkin

Avvalroq BMTning Butunjahon oziq-ovqat dasturi 2027-yil oxiriga borib kuchli “El-Nino” hodisasi dunyoning eng zaif hududlarida istiqomat qiluvchi yana qariyb 49 mln kishini kuchli oziq-ovqat tanqisligiga roʻpara qilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

45 ta mamlakatdagi vaziyat tahliliga koʻra, oziq-ovqatning keskin yetishmovchiligiga duch kelgan odamlar soni deyarli 49 mln kishiga koʻpayib, 274 mln nafarga yetishi mumkin. Bu allaqachon inqirozli darajada oziq-ovqat yetishmovchiligida yashayotganlar sonidan 22 foizga koʻpdir.

Теги :
Jamiyat