Bolalar serebral falaji – umrbod davolanishni talab qiladigan kasallik
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati bolalar serebral falaji haqida maʼlumot berdi.
2 daqiqa o‘qiladi

Tahlillarga koʻra, hozir dunyo boʻyicha bolalar serebral falajidan aziyat chekayotgan 17 million nafar bemor roʻyxatga olingan. Ammo ushbu kasallik koʻpincha kech bosqichda aniqlanishini inobatga olsak, real raqamlar yanada yuqori boʻlishi mumkin.
Bolalar serebral falajining kelib chiqishi
Bolalar serebral falaji qanday xastalik? Kelib chiqish omillari va yaqqol alomatlari qaysilar? Xastalikni toʻliq davolasa boʻladimi?
Mazkur savollarga Bolalar milliy tibbiyot markazi nevrologi Dilnoza Odilovadan javob oldik.
"Bolalar serebral falaji ona homiladorligi chogʻida chaqaloq bosh miyasi yaxshi rivojlanmay, muddatidan oldin tugʻilishi yoki jarohat olishi oqibatida kelib chiqadi", — deydi mutaxassis.
Qanday holatda namoyon boʻladi?
Kasallik ruhiy-nutqiy buzilish yoki harakatning izdan chiqishi yoxud har ikki holat barobar kuzatilishi bilan namoyon boʻladi. Ya'ni tugʻuruqdan oldin yoki tugʻuruq jarayonida bolada kislorod tanqisligi yuzaga kelsa, uning miya hujayralari shikastlanishi mumkin.
Xastalikning eng koʻp uchraydigan belgisi
Xastalikka ona homiladorligi davrida undagi yuqumli va endokrin kasalliklar ham sabab boʻlishi aniqlangan.
Ba'zan mazkur patologiya simptomlarini chaqaloq dunyoga kelishi bilan payqasa boʻladi. Ayrim hollarda esa alomatlar sekin-asta namoyon boʻladi. Harakatlanish faolligining buzilishi — eng koʻp uchraydigan yaqqol belgilar sirasidan.
Oqibatda shunday tashxis qoʻyilgan bolalar oʻtirish, emaklash, aylanish, yurish, boshini ushlash va boshqa xarakatlarni nisbatan kech oʻzlashtiradi.
Har 3 boladan birida tomir tortishishi
Xastalikka chalingan har uch bolaning birida tomir tortishishi sindromi kuzatiladi. Ushbu alomat, ayniqsa, bola katta boʻlgani sari tez-tez takrorlanadi.
Shu bilan birga, aql va nutq zaiflashishi holatlari ham qayd etiladi. Tashqi olamga moslasholmaslik, epilepsiya, ruhiy va emosional rivojlanishning ortda qolishi, ta'lim olishdagi muammolar, oshqozon-ichak va peshob chiqarishdagi funksional buzilishlar ham bundan mustasno emas.
Nevrologga murojaat
Ota-onalar farzandi toʻrt oylik chogʻida ovoz kelayotgan tomonga boshini burmasa, oʻyinchoqqa qoʻlini choʻzmasa, yetti oyligida birovning yordamisiz oʻtira olmasa hamda bir yoshida soʻzlarni umuman ayta olmay, barcha harakatni faqat bitta qoʻlida bajarsa, albatta, nevrolog shifokorga murojaat qilishlari zarur.
Shuningdek, chaqaloqda tomir tortishishi, gʻilaylik kuzatilishi, xatti-harakati oʻta keskin yoki juda sekin boʻlishi, bir yarim yoshdan oʻtib ham tik turolmasligi qoʻshimcha alomatlar hisoblanadi.
Xastalikdan butunlay qutulib boʻlmaydi
Bolalar serebral falajida davolanish umrbod davom etadi. Negaki, xastalikdan butunlay sogʻayib ketishning iloji yoʻq. Lekin bu yakuniy hukm degani emas.
Aksariyat bemorlar yoshi ulgʻaygani sari normal hayot kechirishi mumkin. Buning uchun erta yoshda, oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega.



