Yoz faslida koʻzlarni qanday himoya qilish kerak?
Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, yozda koʻz nurining xiralashishiga ta'sir qiluvchi omillar koʻp boʻladi. Shu sababdan ularni himoya qilish zarur.
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov qaynoq faslda koʻzlarni zararli ta'sirlardan himoya qilish boʻyicha bir necha tavsiyalar bilan oʻrtoqlashdi.
Quyosh nuridan himoyalovchi koʻzoynaklar:
Ultrabinafsha nurlaridan himoyalovchi koʻzoynaklar koʻzlarni quyoshning zararli nurlaridan asraydi. Keng shlyapa yoxud bosh kiyimlar ham ularni zararli ta'sirlardan saqlaydi.
Koʻzlarning dam olishini ta'minlash:
Uzoq vaqt quyosh yoki yorugʻ muhitda boʻlganda, koʻzlarni dam oldirish uchun muntazam tanaffus qilish lozim.
Doimiy ravishda ekranlar (kompyuter, telefon, gadjet) oldida oʻtirishdan saqlaning. Xalqaro amaliyotda ekranlarning zararli ta'siridan foydalanishda "20-20-20" qoidasi tavsiya qilinadi: har 20 daqiqada 20 soniya davomida 20 fut (6 metr) uzoqlikka qarang.
Gigiena va koʻz parvarishi:
Koʻzlarni infeksiyalardan himoya qilish lozim. Buning uchun qoʻllarni muntazam yuvish va yuzga tegmaslikka harakat qiling. Shuningdek, ularni tez-tez namlantirib turing.
Sogʻlom ovqatlanish:
Koʻzlar sogʻligʻi uchun foydali vitamin va antioksidantlar, masalan, A, C, E vitamini, yogʻ kislotalarini oʻz ichiga olgan oziq-ovqatlar iste'mol qiling. Sabzi, ismaloq, baliq va sitrus mevalar yaxshi manba hisoblanadi.
Yetarli darajada suyuqlik iching:
Yoz faslida koʻproq suv ichish koʻzlarni qurib qolishdan asraydi.
Quyoshning eng kuchli ta'sirlaridan saqlanish:
Quyosh nuri eng kuchli boʻlgan 10:00 dan 16:00 gacha boʻlgan vaqtda ochiq havoda koʻp vaqt oʻtkazmaslikka harakat qiling.
" Bu choralar koʻzlaringizni yoz faslida xavfsiz va sogʻlom saqlashga yordam beradi. Agar ularda biror noqulaylik yoki xiralashishni sezsangiz, oftalmologga murojaat qiling", - deyiladi xabarda.



